— Nima bo‘ldi senga, Abrek, nega jinnilik qilyapsan? — dedi u va otni yana oldinga surdi.
Bu gal Abrek maydonga qadam tashladi-yu, birdan oldingi oyoqlarini osmonga ko‘tarib, o‘zini orqaga otdi. Tulpor orqaga burilgan va uning keyingi oyoqlari ko‘chani maydondan ajratib turuvchi chiziq ustidan o‘tgan paytda general o‘zining ham badani jimirlab ketganini sezdi. Abrek esa bu paytda maydondan bir necha o‘n metr narida turardi.
— Nimalar bo‘lyapti o‘zi? — g‘o‘ldiradi general. Birdan uni eng xavfli daqiqalardagina junbishga keladigan qahr va g‘azab tuyg‘usi chulg‘ab oldi. General otni maydon tomonga buryb, ikkala oyog‘i bilan kuchining boricha uning biqiniga niqtadi. Bunday qattiq muomalag‘a o‘rg‘anmagan Abrek shahd bilan oldinga otildi. Tulpor maydonga o‘qday uchib kirdi-yu, qattiq pishqirib, o‘zini bir tomonga qarab otdi. Butun armiyada eng yaxshi chavandoz hisoblangan general ot ustidan koptokday uchib ketdi. Lekin, aftidan, u buni sezmadi ham. Uning ongi, asablari, butun a’zoyi badanini, xuddi o‘z tulporida bo‘lganiday, allaqanday bir g‘ayritabiiy dahshat chulg‘ab olgan edi. Bir oyog‘i uzangiga ilinib qolgani uchun Abrek uni ko‘chaga sudrab olib chiqdi, general ana o‘shandagina o‘ziga keldi. Piyodalar otryadi endigina shu yerga yetib kelgan edi.
«Ko‘rishdi!.. Qanday sharmandalik!..» — deb o‘yladi general. Urnidan turib u yoq-bu yog‘ini qoqdi, sir bermagan kishi bo‘lib chopib kelgan ad’yutantiga murojaat qildi:
— Hechqisi yo‘q… Tashvishlanmanglar! Abrek tushmagur bir narsadan hurkib shunaqa bir fokus ko‘rsatdiki, ustida shayton o‘tirgandayam qalpoqdek uchib ketgan bo‘lardi.
«Qo‘shinning jangovar kayfiyatini tushirmaslik» va hammasidan ham ofitser va soldatlar oldida sharmanda bo‘lmaslik uchun general hozirgina o‘zi boshidan kechirgan dahshatli vaziyat haqida gapirmadi.
— Hamma qismlar yetib kelganmi?
— Hammasi joy-joyida. Maydonga tutashgan ko‘chalar va hatto o‘tib bo‘ladigan hovlilargacha egallangan…
— Bank ko‘chasi-chi?
— Bu ko‘chaning boshi ham bekitilgan.
— Yaxshi! Signalni kutinglar!
Generalning buyrug‘iga ko‘ra havoga zangori mushak otilishi bilan qo‘shinlar Elza Glyuk uyi tomon siljiy boshladi.
Xuddi shu payt kutilmagan hodisa yuz berdi.
General o‘zining uzoq jangovar hayoti davomida bunaqa vahimani ko‘rmagan edi. U maydondan nariroqda, avtomobil ustida turib, ovozining boricha qichqirardi:
— Olg‘a! Olg‘a! Otib tashlayman!..
Ammo uning buyrug‘iga hech kim quloq solmasdi. Soldatlar g‘alati ahvolga tushib qolishgandi. Ular o‘lim talvasasida miltiqlarini tashlab, bir-birlarini bosib-yanchib u yoqdan-bu yoqqa yugurishardi. Maydonni dodu faryod tutib ketgandi. Oldingi qatordagilar o‘ziii orqaga tashlar, orqadagilar esa bularni oldinga qarab itarardi… General qochoqlarga yo‘l bermaslik haqida buyruq berdi. Ko‘chani to‘ldirib turgan saf-saf qo‘shinlar oldingi qatordagilarni maydonga qarab sura boshladi. Maydon bir jinnixonaga aylanib ketdi.
Shu payt yana allaqanday bir yangi to‘lqin paydo bo‘ldi-yu, endi maydon tashqarisida, ko‘chada turgan qo‘shinlarni ham talvasaga solib qo‘edi. Bu to‘lqin xuddi sovuq o‘lim nafasiday yelar va tartib bilan bir safda borayotgan soldatlar bir zumda ak,ldan ozib, hayvonga aylanardi-qolardi. Soldatlar bir-birlariga tashlanishar, yo‘laklar, darvozalar orqasiga yashirinishar, ichkaridan esa dahshatga, vasvasaga tushgan odamlar chopib chiqishardi.
Uylarning ichida ham ahvol shu edi. Odamlar karavot tagiga, shkaflarga yashirinishardi. Ba’zilar o‘zini derazadan tashlab, to‘ppa-to‘g‘ri soldatlarning boshiga tushar yoki miltiq nayzasiga sanchilib qolardi. Ayollar bolasini bag‘riga bosib, xuddi uyga o‘t ketganday, chinqirgancha xonama-xona yugurardi. Io‘lak va zinapoyalarda ham odam tiqilib ketgandi. Birovlar yuqoryga qarab talpinar, birovlar pastga chopib tushar, yiqilgan xotin-xalaj va bolalar oyoq ostida qolib ketardi. Dahshatli joyi shunda ediki, vahima sababini, kimdan saqlanish kerakligini hech kim bilmasdi, Ammo asta-sekin mana shu bosh-keti yo‘q olomon bir tomonga qarab harakat qila boshladi. Aftidan, hali to‘lqin zarbi yetib bormagan orqa safdagi soldatlar bu yoqdagi ahvolni ko‘ryb, orqalariga qarab qochishgan va boshqalar ham ularga ergashgan bo‘lsa kerak. Bu teskari harakat borgan sari kuchayib borardi. Go‘yo odamlar qutulish yo‘lini topganday bir tomonga qarab shunday shitob bilan chopishardiki, go‘yo ularni o‘lim ta’qib qilib kelayotganday tuyulardi kishiga.
Uchta ko‘chani chopib o‘tganidan keyin ad’yutant o‘zining qo‘rquv bilmas «temir general» ini ko‘rib qoldi. Boshida kaskasi yo‘q, mundiri yirtilgan, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan general yiqilib qolganlar ustidan sakrab o‘tar va boshqalarni ayovsiz urib-surib oldinga qarab intilardi.
«Vahimali zona» esa — bu hodisani keyinchalik shunday deb atashdi — tobora kengayib borardi. Hatto jamiyatni qutqarish komiteti kengash o‘tkazayotgan bino ham uning domiga tushib qoldi. Komitet a’zolari va butun hukumat qocha boshladi.
Faqat ertalabga yaqin vahima bosildi, ammo komitet shaharga qaytishga jur’at etolmadi.