«Kimning aeroplanlari bu? — deb o‘yladi ad’yutant. — Biz o‘z uchuvchilarimizga buyruq bermagan edik-ku. Balki jangning natijasini eshitib, harbiy ministrning o‘zi ko‘rsatma bergandir?… Shuncha gapni bilib turib, odamlarni naq ajalning ogziga jo‘natish g‘irt nodonlik-ku…» — shunday xayollar bilan ad’yutant o‘rnidan turib borib, astagina generalning yelkasiga turtdi — Janob oliylari!
— Ha, ha… Hammasi tamom bo‘ldi! Nega to‘pponchamni olib qo‘ydingiz, Korf? — dedi general. — Bu yoqqa bering. Men bari bir bu sharmandalikka chidayolmayman.
— Janob oliylari, Berlinga aeroplanlar eskadrilyasi uchib ketyapti.
— Bo‘lmagan gap… Sizga shunday tuyulgan.
— Ana, ko‘ring!
Aeroplanlarning shoqini endi baralla eshitila boshlagan edi.
General erinibgina osmonga qaradi.
— La’nati! Ha, rost! Shunisi yetmay turuvdi o‘zi! Radio orqali so‘rang-chi, kimning aeroplanlari ekan?
Ad’yutant radiogramma jo‘natgan edi, birorta aeroplan ha javob bermadi.
Generalning xunobi oshib, so‘kina boshladi: endi unga jon kirib qolgan edi.
«Xayriyat, o‘ziga kep qoldi!» — deya ko‘nglidan o‘tkazdi ad’yu tant kulimsirab.
General xuddi birov ustidan bir paqir sovuq suv quyi yuborganday sapchib o‘rnidan turdi.
— Sizning ko‘zingiz o‘tkirroq. Korf, kimning aeroplanlari bu, ko‘rmayapsizmi?
Aeroplanlar ancha yaqin kelib qolgan, lekin juda balandda uchardi, buning ustiga bulutlar quyuqlashib, xiyla qorong‘i tushib qolgan edi. Momaqaldiroq gumburlab, shamol zo‘raydi. Aeroplanlar chayqala boshladi, lekin, aftidan, ularni tajribali uchuvchilar boshqarayotgan bo‘lsa kerak, o‘z yo‘lida uchishda davom etaverdi…
— Ko‘rib bo‘lmayapti…
— Projektor yoqinglar.
Sal o‘tmay, o‘tkir nur, aeroplanlarni yoritdi. General bilan ad’yutant durbinni ko‘zlariga tutishdi.
— Ye menga shunday tuyulyapti, — dedi general, — yo bo‘lmasa…
— Tuyulayotgani yo‘q. Aniq ko‘rib turibman… Amerika aeroplanlari.
— Nimalar bo‘lyapti o‘zi?! — General gurs etib stulga o‘tirdi-yu, durbinini tizzasiga qo‘ygancha uzoqlashib borayotgan aeroplanlar ortidan tikilib qoldi.
— Buni qanday tushunish kerak? — so‘radi u ad’yutantdan.
Hamon ko‘zidan durbinni olmagan Korf yelkasini qisdi.
— Aftidan, Berlinga qarab ketishyapti… Demak, Amerika…
— Nega? Nima uchun?
— Shamol ularni bir oz chetga surib ketyapti shekilli.
Shimoliy Amerika Qo‘shma Shtatlarining Shtirnerga qarshi kurashga aralashuvi faqat «temir general» uchungina emas, balki butun Yevropa uchun ham kutilmagan ish edi.
Yevropa davlatlari o‘rtasida diplomatik muzokaralar ketayotgan bir paytda voqealarning borishini sezgirlik bilan kuzatib turgan Vashington tezgina bir qarorga keldi.
Amerika bu kurashdan chetda turolmas edi. Qolaversa, Shtirner yetkazgan talafot Yevropadagi qarzdor davlatlardan birining to‘lov qobilyyatini pasaytirib yuborgan edi. Mabodo, Germaniya hukumati Shtirnerni bartaraf etib, uning kurash vositasini qo‘lga tushirsa qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini Vashington nemislarning harbiy ministridan ko‘ra oldinroq hisobga olib qo‘ygan edi. Amerika bu yangi, qudratli qurolning ahamiyatini hammadan oldin fahmladi. Biroq bu qurolni uning o‘zi qo‘lga tushirishi amrimahol edi. Modomiki, shunday ekan, mazkur qurolning siri boshqalarning ham qo‘liga tushmasligi uchun uni Shtirner bilan birga yo‘q qylib yuborish zarur edi. Bu ish qancha tez bitsa, shuncha yaxshi. Lekin buni qanday amalga oshirish mumkin? Amerika texnikasi aeroplanlarni radio orqali boshqarish usulini ma’lum darajada egallab olgan edi. Bunday aeroplanlar belgilangan yo‘nalish bo‘yicha uzoq masofaga uchuvchilarsiz ucha olar va katta kuchga ega bo‘lgan snaryadlarni ma’lum nuqtaga avtomatik ravishda tashlay olardi. Bitta kamchiligi shunda ediki, uchib borayotgan aeroplanlardan bosib o‘tilgan yo‘lning suratini yuborib turuvchi mexanizm hali yaratilmagan edi. Agar ana shunday mexanizm bo‘lganida, parvozni hammavaqt kuzatib borish va zarur bo‘lib qolgan taqdirda yo‘nalishni o‘zgartirish mumkin edi. Lekin mexanizm ustidagi ish oxiriga yetgunga qadar hujumni to‘xtatib turish xavfli, deb topildi. Aeroplan mexanizmlarvdning aniq ishlashi hamda puxta tuzib chiqilgan harbiy-geografik xaritalar hujumning muvaffaqiyatli tugashini ta’minlaydiganday tuyulardi… Amerika, shuningdek, Shtirnerga qarshi faqat olisdan turib, odamlarsiz ishlaydigan mexanizmlar orqaligina kurashish mumkinligini ham oldinroq tushungan edi. To‘gri, Atlantika okeani va Fransiyaning garbiy sohillaridan boshlab butun Yevropa bo‘ylab bosib o‘tiladigan yo‘l ancha olis edi. Bunday uzoq masofa oralig‘ida havo oqimi aeroplanlarning yo‘nalishini o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Binobarin, ularni hech bo‘lmaganda Fransiya territoriyasidan uchirish lozim edi, buning uchun esa Fransiyaning, ayni paytda, Berlinga kirish uchun Germaniyaning ham roziligini olish kerak edi. Amerika diplomatiyasi uchun har ikkala davlatdan ham kerakli javobni olish unchalik qiyin emasdi.