Читаем Jahongir полностью

Amerika hukumati ana shu masala bo‘yicha Fransiya bilan Germaniyaga juda nazokat bilan yozilgan nota yubordi. Ayni vaqtda ko‘pdan beri cho‘zilib kelayotgan davlat qarzlarini darhol to‘lash haqida qisqa, ammo qat’iy talabnomalar ham jo‘natildi.

Javob uzoqqa cho‘zilmadi. Fransiya ham, Germaniya ham Amerikaning taklifiga rozilik bildirib, xuddi o‘shanday chiroyli javob notalari yo‘lladilar, ayni vaktda tiz cho‘kkuday bo‘lib qarzni to‘lash muddatini uzaytirishni iltimos qildilar.

Amerika to‘lov muddatini uzaytirishga jon deb rozi bo‘ldi-yu, darhol o‘z aeroplanlarini jo‘natdi. U hatto Germaniyadan javob kelishini ham kutib o‘tirmadi, chunki ijobiy javob bo‘lishiga ishonchi komil edi. Darhaqiqat, ministr javobga imzo chekayotgan paytda Amerika aeroplanlari, — «temir general» bilan uning ad’yutanti ko‘rgan o‘sha aeroplanlar, — allaqachon Germaniya ustidan uchib o‘tayotgan edi.

Ammo Amerika hisob-kitobda yanglishgan edi. Shamol aeroplanlarni chetga surib ketdi. Faqat ulardan bittasigina poytaxtga bomba tashlashga muvaffaq bo‘lgan edi, bomba qirol saroyiga tushib, saroyning kulini ko‘kka sovurdi. Boshqa aeroplanlar esa o‘z «yuk» larini shahar atrofiga tashlab, ancha-muncha joyni vayron qilishdi.

Bu muvaffaqiyatsizlikdan amerikaliklar xijolat bo‘lishmadi, aksincha, yana yangi eskadrilya jo‘natishdi. Ammo havo ekspeditsiyasining xunuk oqibatlarini ko‘rgan nemislar avvaliga bunday xonavayron qiluvchi yordamdan xalos qilishni so‘rab yalinibyolvorishdi, axiri bo‘lmagach, qat’iy norozilik bildirishdi. Agar harbiy harakatlar teatridagi vaziyat o‘zgarmaganda Amerika bu norozilikka e’tibor ham bermagan bo‘lardi.

O‘zining sirli qurolini, aftidan, yana ham takomillashtirib olgan Shtirner birdan fikr uzatuvchi shunday bir nur tarqatdiki, bu nur faqat Germaniyagina emas, balki butun Fransiyani ham to okeanga qadar qamrab oldi.

Bu nur ta’siriga tushib qolgan har bir odam Shtirnerning nima haqda o‘ylayotganini bilib turardi.

«Menga qarshi jahon urushi ochmoqchimisizlar? Marhamat, men tayyorman! Sizlarning qurolingiz menikining oldida o‘yinchoqday gap. Shuning uchun kurashni to‘xtataylik. Shunchalik aqldan ozgan ekansizlar, bundan ham battar ahvolga solib qo‘yaman. Oxirgi marta ogohlantiryapman!»

Shtirner nur burchagini bir oz o‘zgartirib, yana boshqa nur tarqatdi. Germaniya bilan Fransiyada bu nur ta’siriga tushib qolganlar rostdan ham aqldan ozishdi. Hatto Fransiya qirg‘oqlarida suzib yurgan paroxod ekipaji bilan yo‘lovchilar ham bundan chetda qolishmadi. Odamlar talvasaga tushib, o‘zlarini suvga otdilar, go‘laxlar qozonlarni portlatib yuborishdi, paroxod suvga g‘arq bo‘ldi. Kasalxonalar jinnilar bilan to‘lib-toshib ketdi. Ular ko‘chalarda ham sang‘ib yurishar, yo‘lovchilarga talanishar, hamma joyda qo‘rquv solishardi. Haddan tashqari quturib ketgan bir necha kishini otib tashlashga to‘g‘ri keldi.

Butun Yevropa vahimaga tushib qoldi. Vashingtondagilarning ham kayfiyati yaxshi emas edi. Shtirner tarqatgan nur ta’siriga tushib qolgani uchun Fransiyadan qaytarib olib kelingan bir nechta amerikalik injenerlar — ekspeditsiya qatnashchilari, ayniqsa, hammaning o‘takasini yorib yubordi. Amerika bunday zarbaga birinchi marta duch kelgan edi. Bu uning milliy g‘ururiga tegdi. Chunki bu zarba qudratli davlatga bir kishi tomonidan, yana buning ustiga yevropalik tomonidan berilgan zarba edi.

Vaqtincha harbiy harakatlarni to‘xtatib turishga to‘gri keldi. Shtirner ham bundan foydalanib, bir oz nafasini rostlab oldi.

X. MUNOSIB QUROL IZLAB

Zauyerlar O‘rta Yer dengizi sohillarida, Mentonadan uncha uzoq bo‘lmagan Ospidaletti degan joyda istiqomat qilishardi.

Emmaning Elzaga yozgan xatida eridan shikoyat qilganicha bor edi. Bu yerga yangi kelgan kunlari Otto Zauyer bemor xotiniga nisbatan nihoyatda jonkuyar va g‘amxo‘r edi. Uni keng va bahavo ayvonga qo‘llarida ko‘tarib olib chiqar, avaylabgina kresloga o‘tqazib qo‘yar, so‘ng o‘g‘li yotgan aravachani opchiqishga shoshilardi. Ular kun bo‘yi moviy dengizdan bahra olib, u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turgan paroxodlarni, rang-barang qayiqlarni, sohil bo‘ylab uchib yurgan gidroplanlarni tomosha qilib o‘tirishardi. Ular deyarli bir-birlari bilan gaplashishmasdi, lekin bu sukut baxtiyor kishilarning nash’ali sukuti edi. Ba’zan Emma muloyim jilmayib, Zauyerga qo‘lini uzatar, u esa xotinining qo‘lini kaftlari orasiga olib, uzoq vaqt ushlab turar edi.

Janub quyoshi Emmaning sog‘ligiga yaxshi ta’sir qildi. Tez kunda ikki yuzi qizarib, kuchiga kuch qo‘shildi, oradan uch haftalar o‘tgach, butunlay oyoqqa turib ketdi.

Ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Zauyer kun o‘tgan sayin xotiniga qo‘pol muomala qiladigan bo‘lib qoldi. Endi Emma ertalab ko‘zini ochganida har doim karavoti yonidagi stolchada shabnam tomchilari yiltirab turguvchi chiroyli guldastani ko‘rmasdi. Zauyer ayvonda u bilan endi kamdan-kam o‘tirardi. Ilsarigi nash’ali sukut endi yurakni siqadigan, sovuq bir sukunatga aylangan edi.

— Ketyapsanmi? — deb so‘radi Emma g‘amgin bir ohangda, erining o‘rnidan turganini ko‘rib.

Перейти на страницу:

Похожие книги