— Kun bo‘yi qo‘l qovushtirib yoningda o‘tirishim kerakmi? — derdi Zauyer qo‘rslik bilan va o‘z xonasiga kirib ketar yoki bo‘lmasa ko‘chaga chiqib ketardi.
Bir kuni Emma erining xonasiga qo‘qqisdan kirib qolib, g‘alati manzaraga duch keldi.
Zauyer g‘aladony ochiq yozuv stoli ortida o‘tirar, qo‘lidagi, Elzaning suratiga darDli bir nigoh bilan tikilib turardi.
Emmaning yuragiga igna sanchilganday bo‘ldi. U orqasi bilan yurib sezdirmay chiqib ketmoqchi edi, biroq Zauyer ro‘parasida turgan kattakon oynada uning aksini ko‘rib qoldi. Ularning ko‘zlari to‘qnashdi, Emma battar o‘ng‘aysizlandi. Zauyerning qovog‘i uyilib, yuzidan qoni qochdi. U suratni g‘aladonga tashladi-yu, taraqlatib yopdi, orqasiga ham o‘girilmay, xotinining oynadagi aksiga qarab turib so‘z qotdi:
— Nima qiliq bu? Odam ishlab o‘tirgan paytda… bostirib kirasan!
— Kechir, Otto, bilmapman…
Shunday deb, u indamay chiqib ketdi.
Emmaning qalbi yaralangan edi.
U o‘z xonasiga kirdi-yu, o‘g‘lining tepasiga engashib, yum-yum yig‘ladi.
— Bechoraginam, ushoqqinam! — Emma bolasining boshidan avaylabgina o‘pgan edi, ko‘z yoshlari uning sochlariga sirg‘alib tushdi.
Tun bo‘yi u mijja qoqmadi.
— Nega sovib qoldi desam, gap bu yokda ekan-da! — deb o‘ylardi Emma iztirob bilan. — U boshqa ayolni sevadi. Bu — Elza! Shunday bo‘lishi ham tabiiy. Axir ular bir-birlarini sevishardi-ku. Nega shuni unutdim-a! Nega Zauyerga turmushga chiqishga rozi bo‘ldim? Agar Zauyer Elzani sevsa, nega menga uylandi? Lekin u meni yaxshi ko‘rardi, yuragim meni aldamaydi. Elza-chi?
Xullas bu kechinmalar Emma uchun juda og‘ir edi. Noxush o‘y-xayollar, oxiri ko‘rinmaydigan muammo savollar uning ustiga ko‘chkiday yopirilib kelar va baxtiga chang solayotganday bo‘lardi.
— Eh, Otto, Otto! — deya shivirlardi u va yana yig‘iga tushardi.
Kurashsinmi? Lekin u kurashga yaratilmagandi.
Ertalab Elzaga xat yozishga qaror qildi. Bu Elzadan ko‘ra ham ko‘proq Shtirnerni hayajonga solgan o‘sha uzun xat edi.
Ayollik tuyg‘usi Emmaga maktubni yozishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘lini ko‘rsatib berdi: u o‘z xatida surat bilan bog‘liq voqea to‘g‘risida bir og‘iz ham gapirmadi. Faqat Elzaning dugonasi sifatida o‘z dardlari bilan o‘rtoqlashdi, xolos.
Emma o‘zi bilmay bu xati bilan raqibiga tuzoq qo‘ygan edi, agar Elza hali ham Zauyerni yaxshi ko‘rsa, tilidan ilinib qoladi-ku, deb umid qilgandi.
Emma javob xatini sabrsizlik bilan kutdi, mana nihoyat, Elzadan maktub keyadi.
U konvertni titroq qo‘l bilan ochdi, yuragini hovuchlab sarlarga ko‘z yugurtirdi.
Xatni o‘qib chiqdi-yu, yelkasidagi tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi.
— Yo‘q, Elza yolg‘on gapirmaydi!
Elza Emmaga tasalli berib, Ottoning yana unga mehri oshib ketishi muqarrarligini aytgandi. Uni xotirjam qilgan narsa yana shu bo‘ldiki, Elza ko‘proq o‘zi haqida, Shtirnerga bo‘lgan muhabbati, o‘zining baxtiyorligi va tashvishlari haqida yozgandi. Shtirnerning ozib-sarg‘ayib ketgani, uning qattiq charchab, asabiy bo‘lib qolganidan astoydil kuyunayotgani ham maktubdan shundoq sezilib turardi. Emma ancha yengil tortdi. Xatning oxiri hatto uning kulgisini qistatdi.
«Shtirnerni hozir ko‘rsang tanimaysan. Soqol qo‘yib yuborgan. Xuddi darvishga o‘xshab qolgan…» — deb yozgan edi Elza.
— Tasavvur qilaman! Ko‘rgan odamning yuragi yorilib o‘lsa kerak!
Emmaning kayfi chog‘ bo‘ldi.
Ammo ko‘p o‘tmay Zauyer yana uning shirin umidlarini chilparchin qildi.
Surat voqeasidan keyin Zauyer Emmaga yana ham qo‘polroq muomala qila boshladi.
Endi ayvonda Emma o‘tirgan paytda u faqat o‘g‘lini ko‘rgani chiqardi. Emmaga zarracha ham e’tibor bermay, aravachaning yoniga cho‘kkalagancha bolani erkalatish bilan ovora bo‘lardi.
Emma erini entikib kuzatib turar, nigohlari to‘qnashganda ham Otto o‘zini sezmaganlikka olardi. Ba’zan esa Emma gap ham tashlab ko‘rardi.
— Elza xatida yozibdiki, Shtirner judayam badbashara bo‘lib ketganmish, qattiq toliqqanmish…
— O‘sha hayvon tezroq o‘lsa hamma tinchirdi, — dedi Zauyer g‘ijinib.
Zauyerning Shtirnerga munosabati bunchalik o‘zgarib ketganidan Emma hayron qoldi. Endi u Shtirnerning nomini eshitishni ham xohlamasdi. Ammo Emma buning sababini so‘rashga jur’at qilolmadi. Ular miq etmay o‘tirishaverdi., Bir kuni Emmaga Zauyerning kayfiyati durustday bo‘lib tuyuldi. Harholda ilgarigidan ko‘ra xotirjamroq edi. Dengiz ustida bir to‘da aeroplanlar ko‘rindi.
— Otto, nima uchun aeroplanlar qulab ketmaydi? — deb so‘rab qoldi Emma.
— Bunchalik ahmoq bo‘lmasang, Emma! — dedi Zauyer. — Shu paytgacha sezmaganimni qara-ya!
Emmaning dami ichiga tushib ketdi.
— Mayli, unday bo‘lsa, javobimni bera qol, — dedi u ovozi titrab. — Kichkina Ottoni olib, qaytib ketaman…
— Marhamat! To‘rt tomoning qibla. Lekin o‘g‘limni senga berib bo‘pman! — Zauyer shunday dedi-yu, bolaking ko‘rpachasini to‘g‘rilab qo‘yib, chiqib ketdi.
Emma ko‘z yoshlarini tiyolmay, bolaning yoniga keldi-da, ustiga engashdi.
— Nahotky sendan ham ayrilib qolsam?
Bog‘dagi yo‘lkada qumning g‘ichirlagani eshitildi.
— Janob Zauyerni ko‘rsam bo‘ladimi?