Bir savdogar o’g’lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur donishmand huzuriga yuboribdi. O’g’lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog’ tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko’ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan.
Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o’xshamas, aksincha, odam bilan to’la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko’rsatib u yoq bu yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo’’jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o’rtasida, bu o’lkada topsa bo’ladigan jamiki noz-ne’matlarga to’la to’kin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko’rishib-so’rashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to’g’ri keladi.
Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko’zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o’tirishga vaqti yo’qligini aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi.
“Darvoqe,sendan yana bir so’rovim bor, — deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choyqoshiqni uzatib. — Bu qoshiqchani olgin, qara, tag’in moy to’kilmasin”.
Yigitcha, ko’zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so’ng yana Donishmand qoshida hozir bo’ladi.
“Xo’sh, — deydi Donishmand, — oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog’dagi dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo’li gul bog’bonlar o’n yil deganda barpo etishgan. Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo’lyozmalar-chi?”
O’sal bo’lgan yigitcha bularni ko’rmaganini tan oladi, zotan, qal’ani aylanganda u butun diqqatini xo’jayin qo’liga ishonib topshirgan choyqoshiqdagi moydan uzmagan edi.
“Izingga qayt va mening uyimdagi mo’’jizalarni tomosha qil, — dedi shunda Donishmand. — Turish-turmushini ko’rib bilmagan odamingga qanday ishonasan”.
Yigitcha qo’lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat bo’lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san’at asarlarini ko’rib chiqadi. U bog’larni va qal’ani o’rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning go’zalligini o’zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko’rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi.
“Ikki tomchi moy qani, men senga to’kib qo’yma deb taylagandim?”— so’raydi Donishmand.
Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to’kilganini payqaydi.
“Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat, — deydi unga donolar donosi. — Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko’ra bilishda va ayni paytda choyqoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda”.
Santyago rivoyatni eshitib uzoq jim qoldi. U qariyaning nima demoqchi bo’lganini tushundi. Cho’pon dashtu dala kezishni yaxshi ko’radi, biroq qo’y-qo’zisini hech qachon unutmaydi.
Santyagoga qadalib qarab, podshoh Malkisidiq qo’llarini tutashtirdi va g’alati harakat bilan bo’zbolaning boshi ustidan sermadi. Keyin esa, qo’ylarni oldiga solib, o’z yo’liga ravona bo’ldi.
Mo’’jazgina Tarif shaharchasi ustida, bir zamonlar mavrlar qurgan, eski qal’a qad rostlab turibdi. Agar minoraga chiqib qaralsa, makkabodroq sotuvchisining qutisi turgan maydon kaftdagiday ko’rinadi. Bu joydan Afrika qirg’oqlarining uzunchoq parchalari ham ko’zga tashlanadi. O’sha kuni qal’a devorida, yuzini mashriqdan esayotgan shamolga tutib, Malkisidq — Salim podshohi o’tirgan edi. Taqdirlarida kechgan alg’ov-dalg’ov o’zgarishlardan bezovtalanayotgan qo’ylar yangi xo’jayinidan nariroqda qo’shoqlanganday g’uj bo’lib turardi. Ularni hali ham qiziqtirib turgan eng muhim narsa yemish edi.
Bandargohga kiriladigan joyda turgan chog’roq kemaga qarab o’tirgan Malkisidq, bir paytlar unga ushr berganidan so’ng Ibrohimni qayta uchratmaganiday, endi bu bo’zbolani ham boshqa ko’rmasligi haqida o’ylardi.
Umrboqiylarda orzu-istak bo’lmasligi kerak, chunki bu yerda ularning o’z yo’llari yo’q. Biroq baribir Malkisidq qalbining tubida Santyago degan mana shu bolaga omad yor bo’lishini tilardi.
“Uning hoziroq hatto mening ismimni ham unutib yuborishi achinarli-da, — o’yladi u. — Mening ismimni takrorlab turishi kerak edi. Alhol, meni eslab, “Malkisidq, Salim podshohi” degan sirli qariyani tilga olsa.”
U ko’zini samoga tikdi va biroz iymanib, dedi:
— Tangrim, iqrorman, bular barchasi, Sening kalomingda zikr etilganiday, “behudadan behuda urinish.” Lekin gohida qari podshoh ham o’zi bilan g’ururlanadi-da.
“Afrika deganlari g’alati joy ekan”, — o’yladi Santyago.
U shaharning tang ko’chalarida tez-tez duch keladigan torgina yemakxonada o’tirardi. Bir necha kishi kattakon chilimni qo’lma-qo’l almashib chekishardi. Shu orada u qo’l ushlashib borishayotgan erkaklarni, yuzini bekitgan ayollarni, baland minoralarga chiqib olib, qiroat bilan bir nimalarni aytib qichqirayotgan ruhoniylarni ko’rdi, ayni damda atrofdagilar tiz cho’kishar va manglaylarini yerga tekizishardi.