Читаем Alkimyogar полностью

Biroq Santyago gapga og’iz juftlashga ulgirmay, qariya yerdan bir shoxchani olib, qumga nimalarnidir chizdi. U egilgan chog’da ko’kragida nimadir shunaqa nur taratib yaraqladiki, bo’zbola bir lahza ko’r bo’lib qoldi. Biroq qariya qartaygan yoshiga mos bo’lmagan bir harakat bilan libosiga burkanib oldi, Santyagoning ko’zi ko’ra boshlaganda, u oyoqlari ostida qariya chizgan shakllarni ko’rdi.

Kichkina shaharning bosh maydonini qoplagan qumda u ota-onasining ismlarini va o’zining butun hayotini ayni daqiqalargacha — bolalikdagi o’yinlari-yu diniy maktabdagi sovuq kechalarni — hamma-hammasini o’qidi. U do’kondor qizining ismini o’qidi, buni endi bilishi edi. U hali hech kimga aytmagan narsalarni: bir safar ki-yik ovlash uchun otasining miltig’ini so’ramasdan olganini va hayotida dastlab, faqat bir marta ayol bilan tunaganini o’qidi.

“Men — Salim podshohiman”, — yodiga tushdi uning.

— Nega podshoh cho’pon bilan gaplashib o’tiribdi? — xijolatomuz, yuvosh tortib so’radi Santyago.

— Buning sabablari ko’p, biroq eng asosiysi shuki, sen o’z Taqdiring yo’lidan borishga qodirsan.

— Bu qanaqa Taqdir? — so’radi bo’zbola.

— Barcha odamlar, hali navqiron paytlarida, o’z Taqdirini bilishadi. Umrning bu pallasida hamma narsa tushunarli va o’zlari xohlagan ishni amalga oshirishga intilishdan qo’rqishmaydi. Biroq vaqt o’tishi bilan bir sirli kuch ularni o’z Taqdirini yuzaga chiqarishga erishishning iloji yo’qligiga ishontirishga kirishadi.

Qariyaning gaplari Santyagoga unchalik ta’sir qilmadi, biroq “sirli kuch” uni qiziqtirib qoldi — do’kondorning qizi buni eshitsa, og’zi ochilib qoladi.

— Bu kuch aftidan yomonlikka yo’g’rilgan. Biroq amalda u odamlarni o’z Taqdirini qanday yuzaga chiqarishga yo’naltiradi. Bu kuch uning ruhi va irodasini shunga tayyorlab boradi. Bu sayyorada bir ulug’ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Va bu sening Yerdagi nasibangdir.

— Hatto agar men faqat yurt kezib yurishni yoki do’kondorning qiziga uylanishni xohlasam hammi?

— Yoki xazinani qidirsang-da. Olam Qalbi inson baxtidan oziqlanadi. Baxtidan, biroq ayni paytda g’amidan, havasu hasadidan, rashkidan ham. Odamning yakka-yagona majburiyati: o’z Taqdiri yo’lidan oxirigacha borish. Hammasi — shunda mujassam. Yodingda tut, sen biror narsani istagan paytda butun Olam sening istaging amalga oshishiga yordam beradi.

Biroz muddat ular maydonga va o’tib-ketib turgan odamlarga jim qarab o’tirishdi. Jimlikni birinchi bo’lib qariya buzdi:

— Xo’sh, shunday qilib nega endi sen qo’y boqishga qaror qilding?

— Chunki, dunyo kezib yurishni yaxshi ko’raman.

Qariya maydon burchagiga qizil kajavasi bilan kelib to’xtagan makkabodroq sotuvchiga ishora qildi:

— Bolaligida u ham dunyo kezishni orzu qilgan. Biroq keyin makkabodroq sotib, pul topishni afzal bildi. Qarigach, u Afrikada bir oyni o’tkazdi. O’z orzusini amalga oshirishi uchun odamda hamma vaqt imkon bo’lishini tushunish unga nasib etmagan.

— Uning cho’ponlik qilgani ma’qul edi, — dedi Santyago.

— Bu haqda u o’yladi. Biroq so’ng yaxshisi savdo-sotiq bilan shug’ullanishga qaror qildi. Savdogarlarning boshida kapasi bor, cho’pon-cho’liqlar esa ochiq dalada tunaydi. Qizlarning ota-onalari ham kuyovlari cho’pon emas, savdogar bo’lishini xohlashadi.

Santyago movutchining qizini esladi va yuragiga igna sanchilganday bo’ldi. Albatta, qiz yashayotgan o’sha shaharda kimdir qizil kajava bilan izg’ib yurgandir.

— Bundan kelib chiqadiki, odamlarning cho’ponlar va makkabodroq sotuvchilar haqidagi fikrlari Taqdir yo’li haqidagi fikrdan muhim ekan-da.

Qariya yana kitobni varaqladi va aftidan, o’qiy boshladi. Santyago uzoq kutdi, keyin bari bir qariyani chalg’itishga qaror qildi, chunki oldin chol ham uni kitob-dan chalg’itgandi:

— Nima uchun siz men bilan bu haqda gaplashayapsiz?

— Chunki sen o’zingning Taqdiring yo’lidan borishga urinding. Biroq hozir undan chekinishga tayyorsan.

— Siz har doim shunday daqiqalarda paydo bo’lasizmi?

— Har doim. Boz ustiga boshqa shaklu shamoyilda ham ko’rinishim mumkin. Gohida to’g’ri qaror tarzida, gohida ma’qul fikr tarzida. Gohida esa, hal etuvchi daqiqada, men boshi berk ko’chadan chiqish yo’lini aytaman. Barini eslab qololmaysan. Biroq odatda odamlar mening paydo bo’lganimni payqashmaydi.

Перейти на страницу:

Похожие книги