Читаем Alkimyogar полностью

— Misr ehromlariga eltdi, — takrorladi u ohista va dona-dona qilib, — u yerda menga: “Agar yana bu yerga kelib qolsang, bekitilgan xazinani izlab topasan”, dedi. Va endi menga xazina qaerda yotganini uqtirmoqchi bo’lganida uyg’onib ketdim. Ikkinchi marta ham bu tush xuddi shunday — hech o’zgarishsiz qaytarildi.

Lo’li kampir uzoq jim qoldi, keyin yana Santyagoning qo’llaridan ushladi va kaftiga sinchiklab diqqat bilan qaradi.

— Hozircha men sendan haq olmayman, — dedi kampir nihoyat. — Biroq agar xazinani topsang, o’ndan biri meniki.

Bo’zbola sevinganidan kulib yubordi, tushiga kirgan xazina uning folbinga beradigan arzimas chaqalarini asrab qoldi. Bu kampir chindan ham lo’li: lo’lilarning bir qaynovi ichida, deyishadi.

— Bo’laqol, tushimning ta’birini ayt, — so’radi u.

— Oldin qasam ich. Xazinaning o’ndan birini menga beraman, deb qasam ich, keyin ta’birini aytaman.

Qasam ichishiga to’g’ri keldi. Biroq kampir Muqaddas Masih yuragi tasviriga qarab qasamni takrorlashini talab qildi.

— Bu tush Umum Tilida, — dedi kampir. — Men uni ta’birlashga harakat qilaman, garchi bu juda qiyin bo’lsa-da. Ana shu mehnatim uchun men sendan xazinaning o’ndan birini so’rayapman. Eshit: sen Misrga borishing va o’zigning ehromingni topishing kerak. Men o’zim bu narsani eshitmaganman, biroq go’dak senga ularni ko’rsatibdimi, demak, haqiqatan bu bor narsalar. Ana endi jo’na — u yoqda sen o’zingning xazinangni topasan, boyib ketasan.

Santyago avvaliga hayron qoldi, keyin afsuslandi. Shu bo’lmag’ur gap uchun kampirni qidirib o’tirish shartmidi. Yaxshiyam, undan pul olmadi.

— Seni deb vaqtim bekor ketdi, — dedi u.

— Men ogohlantirdim: sening tushingni ta’birlash qiyin. G’aroyib ko’ringan narsa, sirtdan oddiyday tuyulsa-da, biroq uning mag’zini chaqishga faqat donolar qodir. Men dono bo’lmaganim uchun ham boshqa hunarni, masalan, kaftga qarab fol ochishni o’rgandim.

— Qanday qilsam Misrga bora olaman?

— Bu mening bosh og’rig’im emas. Men faqat tushni ta’birlay olaman, uni chinga aylantirish mening ishimmas. Aks holda shunday qashshoq yasharmidim, tuqqan qizlarimdan sadaqa so’rab.

— Agar Misrga bora olmasam-chi?

— Borolmasang — ko’rgan folim uchun sen beradigan haqdan quruq qolaman. Bu birinchi marta bo’layotgani yo’q. Endi jo’na, sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.

Santyago lo’li kampirnikidan butkul hafsalasi pir bo’lib chiqdi va minbad tushlarga ishonmaslikka qaror qildi. Shu payt, ishlarga kirishish kerakligi xayoliga keldi: do’konga yo’l oldi, yegani ul-bul xarid qildi, kitobini qalinrog’iga almashtirdi, yangi vinoni tatib ko’rmoqchi bo’lib, maydondagi o’rindiqqa o’tirdi. Kun juda issiq edi, vino sehrli tarzda bo’zbolaning hovurini bosdi.

U qo’ylarini shahar chetida, yaqinda tanishgan do’stining molxonasi yonida qoldirdi. Viloyatning hamma joyida Santyagoning jo’ralari bor edi — shuning uchun ham u yurt kezib yurishni yaxshi ko’rardi. El oralasang yangi do’st orttirasan — u bilan har kuni ko’rishib turish hecham shart emas. Atrofingda doim bir xil odamlar bo’lsa — xuddi diniy maktabda o’qib yurgan paytdagiday — o’z-o’zidan ular sening hayotingga aralasha boshlaydi. Hayotingga aralashib turib, biroz vaqt o’tgach, uni o’zgartirgilari kelib qoladi. Agar sen ular xohlaganday bo’la olmasang — arazlashadi. Har kim o’zicha bu dunyoda aynan qanday yashash kerakligini aniq biladi.

Biroq hech kim o’zining shaxsiy hayotini negadir yo’lga sola olmaydi. Bu xuddi lo’li kampirning amaliga o’xshaydi, u tushlarni ta’birlaydi, lekin rostga aylantirishga qurbi yetmaydi.

Santyago quyoshning botishini kutishga qaror qildi, shundan so’ng qo’ylarni yaylovga haydasa bo’ladi. Movutchining qizi bilan uchrashishga hali uch kun bor. Hozir esa shu yerlik ruhoniydan almashtirib olgan kitobni o’qishga kirishdi. Kitob qalin edi, birinchi betida kimningdir dafn marosimi tasvirlangan va boz ustiga qahramonlarning ismlari shunaqa g’alatiki, ovoz chiqarib aytsang tiling qoqilib ketadi. “Agar bir kun kelib men kitob yozadigan bo’lsam, — o’yladi bo’zbola, — kitobimning har bir betida yangi qahramon bo’ladi, kitobxonlar kimning ismi qanaqaligini eslab ovora bo’lib o’tirmaydi”.

U endi kitobni ochib, marhumni qorga qanday ko’mishgani tasvirini berilib o’qiyotganida (tepadan quyosh ayovsiz kuydirib turganiga qaramay, Santyagoning eti junjikdi), bir qariya kelib, uning yoniga cho’kdi va uni gapga tortdi.

— Ular nima qilishayapti o’zi? — maydondagi odamlarni ko’rsatib, so’radi u.

— Ishlashayapti, — ro’yxush bermay javob qildi bo’zbola, go’yo o’zini berilib kitob o’qiyotganday ko’rsatib.

Перейти на страницу:

Похожие книги