Aslida ularga hech narsaning keragi yo’q — suv bo’lsa, tuyoqlari tagida o’t-o’lan bo’lsa bas. Santyago Andalusiyaning qaerlarida sero’t yaylovlar borligini bilsa bo’lgani, qo’ylar unga sodiq hamroh bo’lib, ergashib yuraveradi. Mayliga, kunlari bir zaylda o’taversin, ular tirikligida birorta ham kitob o’qimasa o’qimas, odamlarning shaharlarda, qishloqlarda bir-birlariga yangiliklarni yetkazadigan tilini ular tushunmasa ham mayliga — baribir ular o’zlaricha baxtli, suv va yemishga zoriqmasa bo’lgani. Bular evaziga qo’ylar saxiylik bilan o’z junini, naslini va vaqt-vaqti bilan go’shtini odamlarga beradi.
“Agar bugun men yirtqich hayvonga aylanib, ularga bir boshdan qiron solsam, otarning yarmidan ko’pini nobud qilganimdan keyingina ular nima bo’layotganini tushunib yetadi, — o’yladi Santyago. — Ular menga o’z instinktlaridan ko’ra ortiqroq ishonadi, chunki faqat men ularni qorin to’yg’azadigan joyga olib boraman”.
U bugun miyasiga kelayotgan g’alati o’ylardan hayron. Ehtimol, qarg’ish tekkan, naqd mehrobidan tutanjir o’sib chiqqan xaroba cherkovda tunab qolgani uchun shunday bo’layotgandir? Uyqusida oldin ko’rgan bir tushni qayta ko’rdi, mana, endi sodiq hamrohlariga tish qayrayapti. U kechki ovqatdan qolgan vinodan bir qultum yutdi va kamzuliga yaxshilab burkanib oldi. Yana bir necha soatdan keyin quyosh chosh tepaga keladi, jazirama avjiga minib, suruvni yaydoq dalada haydashning iloji bo’lmay qoladi. Bu pallada butun Ispaniya mudraydi. Kechga boribgina havoning hovuri biroz tushadi, shungacha kun bo’yi yelkasida og’ir kamzulni ko’tarib yurishi kerak. Boshqa iloji ham yo’q-da: sahargi salqindan ayni shu kamzul jonni asraydi.
“Ob-havoning injiqliklariga shay turgan ma’qul”, — o’yladi Santyago kamzuliga tashakkur bildirib, uning og’ir va issiqligidan mamnun bo’lib. Aslida ham, kamzulning o’z vazifasi bo’lganiday, Santyagoning ham o’z qismati bor. Uning peshonasiga yozilgani — dashtu dala kezish. Ikki yil mobaynida u Andalusiyaning yassi tog’lariyu yaydoq dalalarini izg’ib, qancha shahar va qishloqlarni ko’rdi. Santyago movutchining qiziga, o’zi oddiy cho’pon esa-da, qanday qilib savodxon bo’lib olganini tushuntirishga chog’landi.
Gap shunda ediki, u o’n olti yoshga to’lguncha diniy maktabda o’qidi. Ota-onasi uning ruhoniy bo’lishini — oddiy qishloq oilasining faxriga aylanishini orzu qilishardi. Ularning tirikchiligi qiyin kechar, tinim bilmay qilgan mehnatlari, xuddi qo’ylar singari, qorin to’yg’azishdan boshqaga ortmasdi.
Santyago diniy maktabda lotinchani, ispancha va dinshunoslikni o’rgandi. Biroq go’dakligidayoq unda dunyoni ko’rishga ishtiyoq kuchli edi, bu tuyg’u Tangrini anglash yoki insoniyat gunohlarini miridan-sirigacha bilib olishdan ustun keldi. Va bir kuni ota-onasini ko’rgani kelganida, u yurak yutib, men ruhoniy bo’lishni xohlamayman, dedi. U yurt kezishni xohlardi.
— O’g’lim, — dedi bu gapiga javoban otasi, — bizning qishlog’imizga kimlar kelib ketmadi. Butun dunyodan odamlar bu yerga biror-bir yangilik toparmikanman, deb kelishadi, biroq qanday kelishsa shunday qaytib ketishadi. Ular toqqa chiqishadi, ko’hna qasrni ko’raman deb va o’tmishning hozirgi zamondan afzal bo’lganiga guvoh bo’lishadi. Ularning, ehtimol, soch-lari oqdir yoki qora tanlidir ular, biroq bizning hamqishloqlardan hech bir ortiq joyi yo’q.
— Biroq men bilmayman-ku, u yoqlarda, ular tug’ilgan o’lkalarda qanaqa qasrlar borligini, — e’tiroz bildirdi Santyago.
— Bu odamlar bizning yerimizni, bizning ayollarimizni ko’rishganda, bu yerda umrbod qolgimiz keladi, deb gapirishadi, — davom etdi ota.
— Men esa boshqa yerlarni ko’rishni, boshqa ayollarga qarashni xohlayman. Axir, bu odamlar hech qachon bizning qishloqda qolib ketishmaydi-ku.
— Yurt kezish uchun ko’p pul kerak, bolam. Bizda muqim bir joyda yashamaydiganlar faqat cho’ponlar, xolos.
— Iloj qancha, demak, cho’pon bo’laman, — dedi Santyago.
Ota hech nima demadi, ertalab unga uchta qadimgi tilla tanga solingan hamyonni tut-qazdi:
— Bir kun daladan topib olgandim. Osmondan tushgan desa ham bo’laveradi. O’zingga bir otar qo’y sotib ol va yurt kezib mol boqib yuraver, qachonki, dunyoda bizning qasrimizday eng zo’r qasr va bizning ayollarimizday go’zal ayol yo’qligini tushunsang, bir kun qaytarsan.
O’g’lini tangriga topshirib fotiha berayotganda, Santyago uning ko’zlariga qarab, qarib qolganiga, muqim hayotning huzur-halovati: yeb-ichishi yetarli va boshida kapasi borligidan qoniqish hosil qilib, o’zini xotirjam tutishiga qaramay, otasining ko’nglida yurt oshib, el kezib yurish ishtiyoqi so’nmaganini payqadi.