Aslida esa u muvutchining qizining ko’z o’ngida to’rtta qo’yning junini qanday qirqishini o’ylardi. Chunki qiz uning nimaga qodirligini ko’radi. Santyago bu manzarani tez-tez ko’z oldiga keltirar va har gal xayolida qiziqib qarab turgan qizga qo’yni dumidan boshlab boshi tomonga qirqib borish kerakligini tushintirardi. U yana bir qancha g’aroyib voqealarni ham xotirasida jamlab, qo’ylarni qirqayotib, ularni qizga aytib berishga chog’lanardi. Bu voqea-larni kitoblardan o’qib olgan edi, biroq bularni o’z boshidan kechirganday qilib aytib bermoqchi edi. Qiz hech qachon buning tagiga yetolmaydi: chunki u o’qishni bilmaydi-da.
Qariya juda qaysar chiqib qoldi. Chanqab ketganini aytib, bir qultum vino so’radi. Santyago ko’zani uzatib, shu bilan undan qutilishga umidlandi.
Qayoqda — qariyaning jag’i battar ochildi, gurunglashgisi keldi. Ko’zani uzatayotib, bo’zboladan qanday kitob o’qiyotganini so’radi. Santyagoning boshqa o’rindiqqa o’tib o’tirgisi keldi, biroq otasi unga keksalarga doimo xushmuomalada bo’lishni nasihat qilgandi, shu bois u bir so’z demay kitobni qariyaga uzatdi: ehtimol, kitobning nomini to’g’ri o’qishni u bilar. Agar chol savodsiz bo’lsa, o’zi uni tinch qo’yar, noqulay holga tushib qolmay deb.
— Him… — dedi qariya kitobni qo’lida aylantirib ko’rarkan, go’yo bunday g’alati buyumga birinchi marta ko’zi tushganday. — Yaxshi kitob, zarur narsalar haqida, biroq nihoyatda zerikarli.
Santyago ajablandi: qariya, demak, nafaqat o’qishni bilarkan, hatto ayni shu kitobni o’qib chiqqan ekan. Nachora, agar chindan zerikarli bo’lsa, hali uni boshqasiga almashtirib olishga vaqt bor.
— Bu kitobda ham, deyarli boshqa barcha kitoblarda bor gaplar yozilgan, — davom etdi qariya. — Ya’ni odam o’z taqdirini o’zi tanlay olmasligi haqida. Bu kitobdagi bor gap odamlarni dunyodagi eng katta yolg’onga ishontirishdan iborat.
— Qanaqa u bu dunyodagi eng katta yolg’on? — ajablandi Santyago.
— Mana shunaqa: qandaydir lahzalarda hayotimiz tizgini qo’limizdan chiqib ketadi va uni beixtiyor taqdir boshqara boshlaydi. Uchiga chiqqan uydirma.
— Men uchun, nazarimda, buni tushunish qiyin, — dedi Santyago. — Meni, masalan, ruhoniy qilmoqchi bo’lishgandi, men esa cho’ponlikka ketdim.
— Shunisi ma’qul-da, — boshini sermadi qariya. — Sen yurt kezib yurishni yaxshi ko’rasan-ku.
“Mening fikrlarimni o’qiyotganga o’xshab gapiradi”, — o’yladi bo’zbola.
Bu orada qariya kitobni qaytib berishni xayoliga ham keltirmayotganday, bamaylixotir varaqladi. Faqat hozir Santyago qariyaning egnida arabcha yaktak borligini payqadi — aslida buning ajablanadigan joy yo’q: Tarifni Afrika qirg’og’idan torgina bo’g’oz ajratib turadi, uni bir necha soatda suzib o’tish mumkin. Arablarni shaharchada tez-tez uchratasan — ular bir nimalar sotib olishadi, bir kunda bir necha bor o’zlarining g’alati ibodatlarini amalga oshirishadi.
— Siz qaerliksiz? — so’radi u qariyadan.
— Hammaerlik.
— Bunday bo’lmaydi-ku, — e’tiroz bildirdi bo’zbola. — Hech kim hammaerlik bo’la olmaydi. Mana men, masalan, cho’ponman, dashtu dalalarni kezib yuraman, biroq bir joyda tug’ilganman, shaharchada, eski qasr turgan tog’ yonidagi. Shu shaharchada men tug’ilganman.
— Xo’p, unday bo’ladigan bo’lsa, men Salimda tug’ilganman.
Santyago bilmasdi Salim qaerdaligini, biroq so’rab o’tirmadi, qizarib qolmay deb. U tashvishli qiyofadagi yo’lovchilar tinimsiz o’tib-ketib turgan maydonga tikilib qarab turdi.
— Xo’sh, Salimda hayot qanday?
— Odatdagiday.
Bilib olishning hech iloji yo’q edi. Faqat bunday shahar Andalusiyada yo’qligi ayon edi, aks holda Santyago uni eshitgan yoki ko’rgan bo’lardi.
— U yerda siz nima ish bilan mashg’ulsiz?
— Nima ish bilan mashg’ulman? — Qariya “qah-qah” otib kulib yubordi. — Men uni boshqaraman. Men — Salim podshohiman.
“Odamlarga bir balo dorigan o’zi, — o’yladi bo’zbola. — Haqiqatan, tilsiz qo’ylar bilan andarmon bo’lib yurganim ma’qul aslida, yemishi bilan suvi bo’lsa bas. Yoki kitob o’qiganim tuzuk — g’aroyib voqealarni bilib olasan, qachon xohlasang ochib o’qiyverasan. Biroq odamlar bilan qiyin: tomdan tarasha tushganday bir nimani aytadi, o’tirasan keyin ustingga mag’zava to’kilganday, nima deb javob berishni bilmay”.
— Mening ismim Malkisidq, — ming’irladi qariya. — Qo’ying nechta?
— Ko’p, — mujmal javob qildi Santyago.
— To’g’risi qancha? Demak, senga mening yordamim kerakmas, qo’ying yetarli, deb hisoblasang.
Bo’zbolaning chindan jahli chiqdi. Hech qanday yordam so’rab o’tirmadi. Gapni qariyaning o’zi boshladi-da, avval vino so’radi, keyin kitobni ko’ray dedi, endi unga gurung berishing kerak.
— Kitobni bering, — dedi u. — Men yo’lga chiqishim kerak.
— Menga otaringning o’ndan birini bersang — xazinaga qanday yetib borishni o’rgataman.
Tuyqusdan bo’zbolaga hammasi ayon bo’ldi-qoldi. Lo’li kampir undan sariq chaqa ham so’ramadi, demak, qariya — u, ehtimol kampirning eri, o’zi ham lo’li bo’lsa kerak, bir dunyo yolg’on-yashiq gaplarni to’qib, ko’proq pul undirish uchun atay jo’natilgan.