Читаем Alkimyogar полностью

U yana toshlarni qo’liga olib qaradi, mehr bilan siladi — toshlar iliq tuyuldi. Mana, hozircha uning qo’lidagi haqiqiy xazina shu. Qo’lingni tekizsang ko’ngling ko’tariladi. Ular Santyagoga qariyani eslatdi. Qariyaning gaplari uning qalbida qayta sado berganday bo’ldi: “Agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo’lishiga ko’maklashadi”.

Uning bilgisi keldi — to’g’rimikan bu gap. U bo’m-bo’sh bozor maydonining qoq o’rtasida turibdi, cho’ntagida bir miri yo’q va endi qo’ylarni bu oqshom qaerga qamab qo’ysam, deb bosh qotirishi ham shart emas. Biroq cho’ntagidagi qimmatbaho toshlar uning yaqinda podshoh bilan uchrashganini shak-shubhasiz dalillab turar, podshoh uning butun hayotini: otasining miltig’ini so’ramay olganiyu, birinchi marta ayol bilan bo’lganini — hammasini bilar edi.

“Toshlar senga jumboqni yechishga yordam beradi. Ular Urim va Tumim deyiladi”, — esladi u.

Santyago ularni yana cho’ntagidan chiqardi va to’rvasiga soldi, keyin sinab ko’rgisi keldi. Qariya toshlarga savollarni aniq qilib berish kerak, deb tayinlagan edi, chunki ular nimani xohlayotganini aniq biladigan kishiga yordam beradi, degandi. U toshlardan: qariyaning menga bildirgan tilaklari hali o’z ta’sirini yo’qotgani yo’qmi, deb so’radi va qo’lini to’rvadan chiqardi:

— Yo’q, — javob qildi tosh.

— Men xazinani topa olamanmi? — so’radi Santyago.

U yana to’rvaga qo’lini tiqdi va toshlarni aralashtirib javobni olaman deganida ikkala tosh ham to’rvaning teshigidan tushib ketdi. Negadir u oldinlari to’rvaning eskirib qolganini sezmagandi. Santyago toshlarni yerdan terib olib, ularni tag’in yashirish uchun egilgan chog’da miyasiga bir yangi fikr keldi: “Belgilarga e’tibor bilan qarashga va ularga ergashishga o’rgan”, — degandi qariya.

Belgi! Santyago kulib yubordi. Keyin darhol yerdan toshni olib, to’rvasiga tiqdi. U to’rvaning teshigini tikishni xayoliga ham keltirmaydi, chunki xohlagan damda toshlar to’rvani tark etishi mumkin. U tushundi, dunyoda shunday narsalar borki, ular haqida so’rab-surishtirish befoyda — bu o’z taqdiringdan qochib qutila olmasligingga o’xshaydi. “Axir, men qariyaga faqat o’zim qaror qabul qilaman, deb va’da berganman-ku”, — dedi u ichida.

Biroq toshlar unga qariyaning hali ham u bilan birga ekanidan ishora berdi va bu bo’zbolada ishonch uyg’otdi. U yana bo’m-bo’sh maydonga ko’z yugurtirdi, biroq endi uning nigohi oldingiday umidsiz emas edi. U yot bir dunyoga kelib qolmagan, shunchaki yangi bir joyda edi.

Axir, unga ayni shu — yangi joylarni ko’rish yoqardi-da. Agar ehromlargacha yetib borish nasib etmasa-da, achinmaydi, chunki u har qanday cho’pondan ham ko’proq narsalarni ko’rdi, bildi.

“Ular bilsaydi, — o’yladi bo’zbola, — atigi ikki soatli yo’l narisida hammasi mutlaqo boshqacha ekanini”.

Yangi dunyo hozir uning ko’z o’ngida o’lik maydonga aylanib yotardi, biroq haligina bu joyda hayotning qaynab-toshganini ko’rishga u ulgurdi va endi buni hech qachon unutmaydi. U o’zi ko’rgan qilichni ham esladi: ha, ikki daqiqali tomosha uchun ko’p pulidan ajrab qolishiga to’g’ri keldi, biroq bunday narsani u avval hech qachon ko’rmagandi-da. Tuyqusdan Santyago dunyoga nafaqat tovlamachi va yaramas kimsaning qurboni bo’lgan odam ko’zi bilan, balki jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqibozining nigohi bilan ham qaray olishini anglab qoldi.

— Men — jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqiboziman, — ming’irladi u uyquga ketarkan.

Kimdir biqinidan turtganidan u uyg’onib ketdi. Santyago qoq o’rtasida tunagan bozor maydoni tong otishi bilan tag’in jonlana boshlagan edi.

Odatiga ko’ra, qo’ylarni ko’rmoqchi bo’lib alanglarkan Santyagoning uyqusi butkul ochildi va o’zining yangi bir olamda ekani yodiga tushdi, esladi, biroq bundan ko’ngli cho’kmadi, aksincha, u baxtiyor edi. Endi qorin g’amida tentirab yurmaydi — to’g’ri xazinaga yo’l oladi! Garchi cho’ntagida bir miri bo’lmasayam, ertangi kuniga ishonchi bor, ko’ngli to’q. Kecha oqshom u sarguzashtlar ishqibozining taqdirini havas qildi, bunday qismatni o’ziga tanladi: endi u bir paytlar kitoblarda o’qigan qahramonlardan biriga aylanadi.

Bo’zbola shoshilmasdan qadam tashlab, bozor maydonining chetidan yurdi. Savdogarlar chodirlarini ocha boshlashgandi, u shirinliklar sotadigan bir savdogarga peshtaxtaga narsalarini terishga ko’maklashdi.

Savdogar xursand bo’lib kuldi; u o’z hayotidan mamnun, nima uchun yashayotganini bilar va yangi ish kunini xush kayfiyat bilan qarshilashga hozirlanayotgan edi. Uning kulgisi bo’zbolaga qariyani — sehrli podshoh Malkisidqni eslatdi.

“Bu savdogar dunyo kezish yoki movutchining qiziga uylanish uchun shirinlik pishirmaydi. Bu shunchaki uning ko’nglidagi mashg’uloti, shu ish unga yoqadi”, — deb o’yladi bo’zbola va bir qarashda har qanday odamning o’z taqdiri Yo’liga qanchalik uzoq yoki yaqinligini qariyadan yomonroq bilmasligini payqadi.

“Bu juda oddiy, nahotki men avval buni tushunmaganman?”

Перейти на страницу:

Похожие книги