Bir daqiqa og’ir jimlik cho’kdi, go’yo butun shahar uyquga cho’mganday bo’ldi. Bozorlar, o’z molini maqtab yotgan savdogarlar, minoraga chiqib azon aytayotgan kishilaru, dastasi hashamli qilichlar — bari g’oyib bo’ldi. Umid va sarguzashtlar ishtiyoqi, keksa podshoh va Taqdir Yo’li, xazina va ehromlar o’z-o’zidan yo’qoldi-yitdi. Dunyoni o’lik sukunat o’z zabtiga oldi. Chunki Santyagoning ruhi tamom cho’kib ketgan edi. U na og’riqni, na azobni va na afsus-nadomatni his etar, nigohi yemakxonaning ochiq eshigiga qarab qotib qolgan va faqat juda-juda o’lgisi kelar, hammasi hozirning o’zidayoq butkul yo’q bo’lishini istardi.
Savdogar unga qarab qoshini kerdi — ertalab, haligina bu bola quvnoq ko’ringan edi. Endi qovog’idan qor yog’ayapti: quvnoqligidan asar ham qolmadi.
— Men senga, o’g’lim, vataning-ga borib olishing uchun yetadigan pul bera olaman, — dedi savdogar.
Bo’zbola indamadi. Keyin o’rnidan turdi, kiyimlarini tortib to’g’riladi va to’rvasini qo’liga oldi.
— Men do’koningizda qolib ishlayman, — dedi u.
Va biroz sukut saqlab, qo’shib qo’ydi:
— Menga pul kerak, to’rt-beshta qo’y sotib olishim uchun.
IKKINCHI QISM
Santyago qariyb bir oy do’konda ishladi, biroq yangi ish ayni uning ko’nglidagiday edi, deb bo’lmasdi. Billur buyumlar sotuvchi savdogar kun bo’yi do’kon peshtaxtasi ortida o’tirar va bo’zbolaga idishlarga ehtiyot bo’lishini tayinlab tinimsiz to’ng’illardi.
Shunga qaramay ishdan bo’shab ketishga majbur bo’lgani yo’q, chunki Savdogar, vaysaqiligiga qaramay, halol va va’dasida turadigan kishi edi: Santyago har bir sotilgan idishdan shirinkoma olar va hatto ozgina pul ham jamg’argandi. Bir kuni ertalab u topgan-tutganini sanab chamaladi, agar hozirgiday ishlab tursa, bir yildan keyingina to’rt-beshta qo’y sotib olishga qurbi yetar ekan.
— Peshtaxtani tashqariga chiqarib, idishlarni shunga terib qo’ysak yaxshi bo’ladi, — dedi u xo’jayinga. — Uni do’konning eshigi oldiga qo’yardik, o’tgan-ketganning ko’zi tushadi.
— Shu paytgacha idishlarni ko’chaga olib chiqqanimiz yo’q, — javob qildi Savdogar. — Birortasi turtib yuborib billurni sindirishi mumkin.
— Qo’y boqib yurganimda ulardan birortasini ilon chaqib nobud qilishi mumkin edi. Biroq, nachora, qo’ylarning, cho’ponlarning ham hayoti shunaqa.
Bu payt Savdogar uchta qadah sotib olayotgan xaridorga xizmat ko’rsatayotgan edi. Xullas, savdo jonlangan, go’yo bir paytlari bo’lgani kabi, do’kon joylashgan bu tor ko’cha tag’in butun shahardan odamlarni o’ziga ohanraboday torta boshlagandi.
— Ishlar yomonmas, — dedi u xaridor chiqib ketgach. — Hozir men yaxshi daromad qilayapman, nasib etsa senga yaqin-orada bir otar qo’y sotib olishingga yetadigan pul beraman. Xo’sh, senga nima yetmaydi o’zi? Boriga qanoat qilmay, besh qo’lni og’izga tiqishga hojat bormi?
— Bor, belgilarga qarab qadam tashlash kerak, — beixtiyor og’zidan chiqib ketdi bo’zbolaning va shu lahzadayoq u aytgan gapiga afsuslandi: axir, bu savdogar sehrli qariyani uchratmagan-ku.
“Buni Xayrli Ibtido deydilar, — qariyaning gapi uning yodiga tushdi. — Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo’ladi. Zero, hayot insonning o’z Taqdiri yo’lidan borishiga xayrixohdir”.
Shu orada xo’jayin Santyago aytgan gapni fahmlab oldi. Ayonki, uning bu do’konga qo’ygan qadami xayru barakadan belgi berdi — pul oqib kela boshladi va Savdogar bu ispan bolani yollaganiga hech ham pushaymon bo’lmadi. Garchi qilayotgan mehnatiga kutganidan ko’ra ko’p daromad olayotgan esa-da, Savdogar ishlari bu qadar yurishib ketishini o’ylamay turib bo’zbolaga binoyiday haq to’lashni taklif qilgandi. Bola yaqin-orada qo’ylariga ketib qoladiganday tuyuldi unga.
— Ehromlar senga nima uchun zarur bo’lib qoldi? — so’radi u mavzuni o’zgartirish maqsadida.
— Menga ular haqida juda ko’p gapirib berishgan, — javob qildi Santyago.
Xazina endi alamli xotiraga aylangani bois, bo’zbola bu haqda o’ylamaslikka harakat qildi, shu bois xo’jayinga ko’rgan tushini aytib o’tirmadi.
— Umrimda birinchi marta ehromlarni o’z ko’zi bilan ko’rish uchun sahroni kezib o’tishga chog’langan odamni uchratishim. Ehrom degani — bu shunchaki bir sangzor-ku. O’zing ham hovlingda buni qursang bo’ladi.
— Bundan chiqdi, sizning tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, — dedi unga javoban Santyago va navbatdagi xaridor tomon yurdi.
Oradan ikki kun o’tib, xo’jayin Santyagoning peshtaxtani do’kon tashqarisiga chiqarish haqidagi taklifini esladi.
— Men har xil yangiliklarga ishqiboz emasman, — dedi u. — Qolaversa, Hasanday boy ham emasman, u xato qilib qo’yishdan qo’rqmaydi, chunki bu unga qimmatga tushmaydi. Sen bilan men esa o’z xatolarimiz uchun umr bo’yi jabr chekamiz.
“To’g’ri aytadi”, — o’yladi bo’zbola.
— Qani, menga ayt-chi, peshtaxtani ko’chaga chiqarib, idishlarni terib qo’yishning senga nima nafi bor? — davom etdi xo’jayin.
— Men qo’ylarimning oldiga tezroq qaytishni xohlayman. Ishimiz o’ngidan kelib turganda fursatni boy bermaylik, omadimizdan foydalanib qolaylik. Buni Xayrli Ibtido, deyishadi. Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo’ladi.