— Meni duo qiling, — jiddiy ohangda dedi Santyago. — Siz meni qo’lladingiz.
Qariya hanuz churq etmay choy qaynatish bilan mashg’ul edi. Nihoyat u bo’zbola tomon burildi.
— Men sen bilan faxrlanaman. Sen do’konimni jonlantirib yubording. Biroq bilgin: men Makkaga bormayman. Yana shuni ham bilib qo’ygin: sen qo’y sotib olmaysan.
— Kim aytdi sizga buni? — hayron bo’lib so’radi Santyago.
— Maktub, — qisqa javob qildi billur sotuvchi Savdogar.
Va u bo’zbolani duo qildi.
Shundan so’ng Santyago o’zi yotadigan xonaga kirdi va ul-bul narsalarini yig’ishtirdi — lash-lushlari uch qop bo’ldi. Eshikdan chiqayotib uy burchagida yotgan eski cho’ponlik to’rvasini ko’rib qoldi, ko’pdan beri ko’zi tushmagani uchun to’rvani yodidan chiqarib yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, ko’chada birorta bolaga sovg’a qilarman, degan mo’ljal bilan to’rvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh — Urim va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.
Shu damda bo’zbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda o’ylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter to’kib mehnat qilishga to’g’ri keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qo’l bilan so’ppayib borib bo’lmasdi-da.
“Orzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, — degan edi unga Malkisidq. — Belgilarga ergash”.
Bo’zbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana g’aroyib tuyg’u chulg’adi, go’yo qariya yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan o’tdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan jo’nab ketishga ishora qilayotir.
“Men yana avval qanday bo’lsam, aynan o’sha zaylimga qaytaman, — o’yladi u, — biroq qo’ylar meni arabcha gapirishga, baribir, o’rgata olmasdi”.
Biroq qo’ylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli so’zsiz til borligini o’rgatgandi. O’tgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb Santyago ana shu — hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu g’ayratbaxsh, zavq-shavqli til edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi bo’zbolaning dunyoni, xuddi bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga ko’zi yetib turardi.
“Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga ko’maklashadi”, — keksa Malkisidq shunday degan edi.
Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U bo’zbolaga ehrom deganlari shunchaki sangzor ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbog’ida bunday toshlar uyumini tiklay olishi haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qo’y sotib olishga pul yig’a olsa, bu qo’ylarni u sotib olishi kerakligini aytib qo’yishni unitgandi.
Santyago to’rvasini olib, boshqa lash-lushlariga qo’shib qo’ydi. Xo’jayin xaridorlarga xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor do’kon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib yurishardi. Bunday mahalda do’konda, odatda, xaridorlar ko’p bo’lmasdi. Shu damda Santyago xo’jayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, o’shanda na boradigan joyi va na biror yeguligi bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa podshohni esiga soldi.
“Xuddi Malkisidq bu yerdan o’tganday, hamma narsada o’zining izini qoldirganday, — o’yladi bo’zbola. — Go’yo bu odamlar o’z hayotlarining qaysidir pallasida u bilan uchrashganday. Biroq u menga: kimki o’z Taqdiri yo’ldan borayotgan bo’lsa, men unga ko’rinaman, degan edi”.
U xayrlashmay chiqib ketdi — begonalar oldida yig’lashni or bildi. Biroq u bu joyni, mana shu makonda o’rganib, odatlanib qolgan narsalarni qo’msashini, sog’inishini tushunardi. Bu joyda u o’ziga ishonch va dunyoni zabt etguday ishtiyoq paydo qildi.
“Axir, men qo’y boqadigan tanish joylarga qaytayapman”, — o’yladi u, biroq bunday xush xayol ham negadir uning ko’ngliga chiroq yoqmadi. Orzuimni amalga oshiray deb bir yil ishladi, mana endi bu orzu ushalay deb turganda daqiqa sayin o’zining jozibasini yo’qota boshlayapti. Balki bu, umuman, orzu emasdir?
“Ehtimol, billur sotuvchiga o’xshagan bo’lish kerakdir? U kabi bir umr Makkani orzu qilib, hech qachon safarga chiqmagan ma’qulmikan?” — o’yladi bo’zbola, biroq u qo’lida ushlab turgan toshlar g’oyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat’iyatini berayotganday edi.
G’aroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, o’shanda unga duch kelgan tovlamachining qorasi ko’rinmasdi. Xo’jayin choy keltirdi.
“Cho’ponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, — o’yladi Santyago. — Qo’y boqishni, jun qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat bo’lmasligi mumkin. Ko’kragiga oltin sipar taqqan qariya mening butun o’tmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga, donishmand uchragan edi”.