Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor ko’chalaridan yurib ketishdi va minglab olomon bilan to’la bozor maydonidan chiqishdi — odamlar savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Ko’katu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan ko’zini uzmay borardi — bo’zbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi ham bo’ldi, biroq bu noqulay, degan o’yga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari Santyagoga notanish edi. “Hechqisi yo’q, — o’yladi u, — men uni sergaklik bilan kuzatib borayapman, shuning o’zi yetarli, axir, men undan qoruvliman.”
U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni ko’rib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni hech qachon ko’rmagan edi: g’ilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, o’ziga shunday qilich sotib olishni ko’ngliga tugdi.
— So’ra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay so’radi u yo’ldoshidan.
Shu lahzada u qilichga mahliyo bo’lib, ikki daqiqaga chalg’iganini payqadi. Yuragi shuvillab ketdi. U o’grilib qarashga cho’chidi, chunki qarasa ko’z oldida qanday manzara namoyon bo’lishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan ko’zini uzmay turdi, keyin o’zini qo’lga olib, boshini burdi.
Atrof g’ala-g’ovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi, gilamlar va yong’oqlar, mis laganlar va ko’katlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qo’l ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat uning boyagi yo’ldoshi qay go’rgadir g’oyib bo’lgandi.
Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yo’qotib qo’yishganiga o’zini ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar, deb o’yladi. Biroz vaqt o’tdi; baland minoraga ko’tarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday g’imirlashib, narsalarini yig’ishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor bo’shab qoldi.
Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni qo’rg’alagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun quyosh ko’tarilgan paytda u narigi qit’ada edi, cho’pon edi, oltmishta qo’yi bor edi va movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga haydagandan so’ng, nimalar ro’y berishi unga oldindan ayon bo’lgandi.
Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot o’lkada u begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u cho’pon emas, bor-yo’g’idan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va hammasini boshidan boshlay olmaydi.
“Bularning bari quyosh chiqib botguncha ro’y berdi-ya”, — o’yladi bo’zbola. U o’z ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul o’zgarib ketganiga qattiq qayg’urdi.
Yig’lay desa uyat. U hatto qo’ylarining oldida yig’lashga ham uyalardi. Biroq bozor maydoni allaqachon bo’shab qolgan, u esa yolg’iz, vatanidan juda uzoqda.
Santyago yig’lab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yo’g’i ko’rgan tushiga ishongan kishilar uchun, shu qadar qattiq bo’lsa!
“Qo’ylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yo’q edi, men hammaga xursandchilik ulashardim. Meni ko’rganda odamlar shod bo’lishardi va eng e’tiborli mehmonday e’zozlashardi.
Mana, endi men g’amga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl va hech kimga ishonmaydigan bo’laman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa ko’rolmayman, negaki bu omad mendan yuz o’girdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos, olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman”.
U to’rvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech bo’lmasa yog’ bilan bir burda non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq to’rvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan ikki dona toshni topdi, xolos.
Ularga ko’zi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovg’a qilgan shu ikkita toshga oltita qo’yni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa bo’lgani — puliga patta olib vataniga qaytadi.
“Endi aqlimni yig’ib ish qilaman”, — o’yladi u to’rvadan toshlarni olib, cho’ntagiga bekitarkan. Bu yer bandargoh shahar, bandargoh esa, uni shilib ketgan haligi yulg’ich to’g’ri aytganiday, tovlamachilarga to’la.
Faqat endigina yemakxona xo’jayinining nima uchun qizishib gapirganiga Santyagoning aqli yetdi — u bo’zbolaga qavatingdagi yo’ldoshiga ishonma, deya jon kuydirib uqtirgan ekan.
“Men xuddi boshqa oddiy odamlardayman: xayolimdagini borga yo’yaman va dunyoni asli qanday bo’lsa shundayligicha emas, balki o’zim xohlaganday ko’raman”.