Zamon anduhiga hech sohilu poyon ko‘rmasman,Bu dardga arg‘uvon maydan bo‘lak darmon ko‘rmasman.Dedim: mayxona pirin xizmatin tark etmagum aslo,Bu ahddan o‘zga o‘zimga biror imkon ko‘rmasman.Xumorman — tomchi mayni menga lozim ko‘rmagay hech kim,Demak, ahli jahonda do‘st ila yoron ko‘rmasman.Oshiq ahli Xudo bilan yaqin derlar, o‘zingni tiy —Ki, shahrim shayxlarida ishqdan unvon ko‘rmasman.Belingda kokiling — unga dilimni bog‘lamishman men,Bo‘libman zulmati zulfing aro pinhon, ko‘rmasman.Sening qadding mening ko‘z yoshlarimdan bahralar olgay,Bu xil obi ravonu ham so‘lim bo‘ston ko‘rmasman.Bu hayron ikki ko‘zimdan, ming afsuskim, ming afsuskim,Ikki oynadirki, husni nurafshon ko‘rmasman.Bu daryo mavjida Hofiz dili bir kemadek suzgay,Quruq so‘zu suxandan foydayu ehson ko‘rmasman.* * *Senga izhori dil qilmoq havasdir,Sening qalbingni ham bilmoq havasdir.Raqiblardan, qarang, oshkor dardimNihon tutmoqqa intilmoq havasdir.Qadr oqshomi-ku oliy, muqaddas,Sening-la tun bo‘yi bo‘lmoq havasdir.Nafis durdonalarni tori dilgaMehr-la injudek ilmoq havasdir.Madad bergil, sabo, tun ichra menga,Saharda gul-gul ochilmoq havasdir.Bu lutfing-chun ko‘changni kiprigim-laSupurmoqlikka egilmoq havasdir.Yozib rindona she’rlar xuddi Hofiz,Da’vo ahliga bas kelmoq havasdir.
— Shoislom Shomuhamedov tarjimalari —
* * *Tong-sahar vaqti, qarang, sabru sabotim berdilar,Qop-qora tundan olib, obi hayotim berdilar.Nogahono porlatib jismimni ezgu shu’lasi,Sarbalandlik jomida yangi sifotim berdilar.Ne muborak tun edi ul va ne xurram kech edi,Ul qadr kechda mening qutlun barotim berdilar!So‘ngida vasfi jamolim ko‘zguda ko‘z-ko‘z etib,Mujda keldi-yu, shul on jilvai zotim berdilar.Men agar shodmon yetibman maqsudimga, ne ajab,Bu mening haqqim edi — haqqu zakotim berdilar!Ul sharaf ayyomi baxtim mujdasin berdi yana,Mehnatu qadrim balanddir — naqliyotim berdilar.Gar tilimdan ketma-ket shahdu shakarlar yog‘ilur,Bu sabr in’omidirkim, ul nabotim berdilar.Kimyodir bir ajab piri mug‘onga bandalik,Maykada tuprog‘idan ohang — bayotim berdilar.Doimo Hofiz saharxez subhidam olgay nafas,Necha zahmatdan xalos aylab, najotim berdilar.* * *