Elza Glyukka sirayam tushunmayman. Lekin u meni nega bunchalik qiziqtirib qoldi? Balki sevib qolgandirman! Bo‘lmagan gap! Hozir bunaqa ahvolda emasman.
G‘alati hodisa! Men o‘zimni g‘amgin holatga soldim. Apparatim miyam tarqatgan ana shu ma’yus to‘lqinlarni yozib oldi. Keyin bu to‘lqinni apparatim orqali kuchaytiribroq tarqatdim. O‘zimni har qancha quvnoqlikka solsam ham allaqanday g‘ussa bostirib kelaverdi. Rostini aytsam, o‘sha payt Falkka o‘xshab uvillashga ham tayyor edim. o‘zim-o‘zimga qayg‘u to‘lqinini tarqatgan edim. Qizig‘i shundaki, xafa bo‘lishimga hech qanday sabab yo‘q edi, bu qayg‘u sun’iy ravishda yaratilgan edi. Xo‘sh, buni nima deyish mumkin? o‘z-o‘zini gipnoz qilishmi? Menimcha, yuqoridagi hodisa ta’sir qilish yoki o‘ziga-o‘zi ta’sir qilishdan boshqa narsa emas. Gipnoz bilan o‘xshashlik tomoni shundaki, mazkur hodisada ham u yoki bu fikr va kayfiyatning muqarrar ta’siri bor. Lekin bu o‘rinda biz guvoh bo‘lgan holat mexanik usulda vujudga keltirilgan, ya’ni nerv to‘qimalarida sun’iy ravishda muayyan fikr yoki kayfiyatga aloqador elektroximik jarayon qo‘zg‘atiladi, natijada ongda aynan o‘sha fikr yoki kayfiyat hosil bo‘ladi. Ajoyib mexanika!
Ammo bundan keyingi tajribalarimni qanday amalga oshiraman? O‘zim chetda qolib, boshqalarga ta’sir o‘tkazish uchun nima qilishim kerak? Buning ikkita yo‘li bor: birinchisi, yo‘naltirilgan to‘lqin va ikkinchisi, izolyatsiya (boshga simto‘r kiyib olish).
To‘rning foydasi bor. Yo‘naltirilgan to‘lqin bilan ishlab ko‘raman. Buning uchun qanaqa antennalar qulay? Menimcha, nurni ma’lum nuqtaga to‘plovchi fokusnusxa antennalar yasashim kerak. Shunda to‘lqinni kuchaytirib tarqatish mumkin bo‘ladi.
O‘zimni bosishga har qancha urinsam ham ba’zan aqlim shoshib qoladi: oldimda qanday istiqbollar ochilyapti! Elza!..
Kechagi tayasriba. Falkka fikran narigi xonadan kitob olib kelib berishni buyurdim. Buyruqni stansiya qabul qilib olib, keyin tarqatdi. FalK buyruqni bajardi. Men kitobni joyiga olib borib qo‘ydim-da, to‘lqinni yana takrorladim, ya’ni bu gal o‘zim hech qanaqa fikriy buyruq bermadim, faqat apparat orqali boyagi mazmundagi to‘lqinni qaytadan tarqatdim. Falk yana kitobni olib kelib berdi. Bu radioto‘lqinlar xuddi ovoz plasginkaga yozilganday, apparatga yozib olinadi. Endi richagni bir aylantirish bilan qaytadan buyruq beraverishim mumkin.
Vugun g‘alati bir tajriba o‘tkazdim. Odamga fikran buyruq berishga urinib ko‘rdim. Karl Gotlibnikida Gans degan keksa bir xizmatkor yashaydi. Men xayolan unga xonamga kelishni buyurdim. O‘zimni esa Gansning o‘rnida tasavvur qilib, uning xonasidan mening xonamgacha bo‘lgan butun yo‘lni, u qilishi lozim bo‘lgan har bir xatti-harakatni ko‘z oldimga keltirib turdim, qisqasi, xuddi Falkka ta’sir o‘tkazgan paytimdagi holatga kirdim. Ammo Gansdan darak yo‘q edi. Bunga ajablanmadim. Chunki men bilan Falk o‘rtasida allaqachon aloqa o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Falkka yaqin masofadan turib ta’sir o‘tkazganman. Miya tarqatadigan radioto‘lqinlarning quvvati juda oz, shuning uchun bu to‘lqinlar boshqa birovning miyasiga yetib borib, u yerda aynan bir xil elektr tebranishlarini qo‘zg‘atishi amrimahol. Gans bilan men tamomila boshqa-boshqa odamlarmiz. Ehtimol, uning miyasi — qabul qiluvchi stansiyasi — mening miyam tarqatgan signallarni qabul qilolmagandir. Shundan keyin men o‘sha buyruqning o‘zini radiostansiya orqali kuchaytirib tarqatdim. Natijasini yuragimni hovuchlab kutib turdim. Yepiray, tushimmi-o‘ngimmi, yo‘lakda Ioganning shipillagan qadam tovushlari eshitildi: u eskitdan oyoq og‘riq, shuning uchun nuqul tagi yumshoq poyabzal kiyib yuradi. U men o‘tirgan xona eshigini taqillatmasdan ochdi-yu (ilgari sira bunday qilmasdi), birdan xijolat bo‘lib ostonada to‘xtab qoldi. Unga bundan keyin nima qilish kerakligini buyurmagan edim. U qo‘qqisdan kirib kelganini oqlashga urindi.
— Uzr, nazarimda… chaqirganday bo‘ldingiz… — dedi u og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga solib.
— Ha, ha, — dedim men shoshib, cholni xijolatdan qutqarish uchun. — Janob Gotlib klubdan qaytdilarmi-yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim.
— Ular hali kelishgani yo‘q, — deb javob berdi Iogann yengil tortib. U endi mening chaqirganligimga shubha qilmasdi. Boyagi o‘ng‘aysiz holatdan unda endi asar ham qolmagandi.
— Rahmat, Iogann, boravering.
Chol ta’zim qilib, chiqib ketdi. Men-chi? Men uni orqasidan quvib borib, bag‘rimga bosishga, xuddi ma’yuslikdan uvillab yuborgan Falk bilan bo‘lganiday, xonani charx urib aylanishga tayyor edim.
Tajriba muvaffaqiyatli o‘tdi! Bu nimani bildiradi? Bu degan so‘z endi men boshqa odamlarga ham hukmimni o‘tkaza olaman. Ularga ko‘nglimga kelgan ishni qildiraman. Hamma narsaga qurbim yetadi! Mendan kudratli odam bormi dunyoda?