Читаем Jahongir полностью

— Ha, zahar ichdim, lekin bu butunlay boshqacha zahar. Hozir hammasini bilasiz…Lekin Shtirnerni yo‘qotishdan avval sizning oldingizdagi gunohimni ozgina bo‘lsa ham yuvishga harakat qildim. Sizni oldingi holatingizga qaytardim. Kechasi soat o‘n birda stansiyam orqali sizga to‘lqin yo‘llab, roppa-rosa soat o‘n ikkida avvalgi holatingizga qaytishni buyurdim. Endi sun’iy hayot kechirishdan xalos bo‘ldingiz. Siz erkin odamsiz. Xohlaganingizcha yashang, xohlagan odamingizni seving. Baxtli bo‘ling.

Elza chuqur xo‘rsindi.

— Shtirner-chi? Sofdil odamlar qo‘l berishga hazar qiladigan Shtirnerning taqdiri nima bo‘ladi? — davom etdi u. — Shtirner o‘lishi kerak. Men mashinamga buyruq berib, bor quvvatini ishga solib keldim. Roppa-rosa soat birda, — Shtirner yana soatiga qaradi, — atigi olti minutdan keyin mashina Shtirnerning Shtirnerga buyrug‘ini tarqatadi. Shundan keyin Shtirner o‘zining Shtirnerligini unutadi. U shaxs sifatida tamom bo‘ladi. Hayotidagi hamma voqealar esidan chiqadi. U ongi butunlay o‘zgacha yangi odam bo‘ladi. U odam — Shtern. Shtern Shtirner buyurgan tomonga qarab boshini olib ketadi. U hatto o‘zining ongsiz hayotidagi temir qafas ichida xor-zor bo‘lgan Shtirner borligini xayoliga ham keltirmaydi! Bu o‘lim… Tafakkur o‘limi!

— Lekin sizni tutib olishlari mumkin! — dedi Elza beixtiyor tashvishlanib.

— Shu algov-dalgovda Shtirnerni kim tanib o‘tiribdi? Soqol qo‘yib yurganimni h. yech kim ko‘rgan emas. Hammasini oldindan o‘ylab qo‘yganman. Bugun kechasi dushmanlar to‘lqin tarqatishmaydi. Mabodo tarqatishgan taqdirda ham allaqanday Shtern uchun buning xavfli joyi yo‘q. Shtirnerga esa boshqa to‘lqin yo‘naltirib qo‘yilgan, bu to‘lqin uning ongini aniq nishonga olishi kerak. Shtirner yo‘q bo‘ladi…

Elza baqraygancha unga tikilib turardi. Go‘yo mana hozir allaqanday bir sirli hodisa yuz beradiganday edi.

— Yana bir gap, Elza. Men ketganimdan keyin bu yerda hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketadi. Ehtimol, sizning barcha boyligingizni tortib olishar. Shuni o‘ylab, qiynalib qolmasligingiz chorasini ko‘rib qo‘yganman. Mana bu yerda, — Shtirner Elzaga paket uzatdi, — yo‘lkira va bir odamning adresi bor. Uning nomiga katta miqdorda pul o‘tkazib qo‘yganman. Sizning nomingizda pul saqlash xavfli. U odamga kuchli ta’sir o‘tkazganman, zero, puldan, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. O‘sha yoqqa boring. U yer judayam uzoq. Lekin shunisi ma’qul. Shuncha tashvishlardan keyin dam olishingiz kerak. Bo‘ldi! Alvido, Elza!..

— To‘xtang, bitta savolim bor… Ayting-chi, Shtirner, Karl Gotlibning o‘limida sizning qo‘lingiz bormi-yo‘qmi?

Soat birga zang urdi. Birdan Shtirnerning afti burishib, ko‘zlari olayib ketdi. Vujudi titrab-qaqshay boshladi. U royalning bir chetiga yopishib, entikib-entikib nafas olardi.

Elza yuragini hovuchlagancha bu o‘zgarishni kuzatib turdi.

Shtirner bir xo‘rsindi-yu, asta-sekin o‘ziga kela boshladi.

— Savolimga javob bersangiz-chi, Shtirner!

Shtirner unga tamomila hayrat bilan boqdi, keyin allaqanday yangi va xotirjam ovoz bilan dedi:

— Afv etasiz, xonim, sizni taniyolmay turibman, qanaqa savol to‘g‘risida gapirayotganingizga ham tushunmayapman. — Shunday deb, Shtirner ta’zim qildi-da, bitta-bitta bosib zaldan chiqib ketdi.

Elza angrayib qoldi. Shtirner g‘oyib bo‘lgan edi.

XV. CHIL–CHIL BO‘LGAN AKVARIUM

Elza tun bo‘yi mijja qoqmadi. Tong yorishgan paytda ham u o‘sha joyida, royal yonida o‘tirardi. Tungi voqea uni qattiq larzaga solgan edi. U Shtirner ongiga singdirgan chigal, alg‘ovdalg‘ov fikrlar haqida o‘ylardi. Elza Karl Gotlib o‘limidan so‘ng ro‘y bergan voqealarni birma-bir xayolidan o‘tkazdi: Shtirnerdan qochishga behuda uringanlari, kutilmaganda uni sevib qolishi, Mentona safari. Ammo u bularning hammasini o‘ziga aloqasi yo‘qday, go‘yo allaqanday bir romanda o‘qigan voqealarday eslardi. Zauyerning qaylig‘i bo‘lib yurgan paytlarini ham u aniq ko‘z oldiga keltirdi. Ammo o‘tmishdagi bu hodisada ham endi nimadir o‘zgargan edi. Elza Zauyer haqida o‘ylarkan, uni hali ham sevishini his qildi. Lekin bu sevgi ilgarigisiga o‘xshamasdi: Zauyerning obrazi ancha xiralashib qolgan edi. Unga nima bo‘ldiykin? Nahotki o‘zgarib ketgan bo‘lsa? Aslida qanaqa odam edi o‘zi? Shundagina u Zauyerni yaxshi bilmasligini sezdi. Endi ularning munosabatlari qanday bo‘larkin? Nogahon Emma kirib keldi-yu, uning xayollari bo‘lindi. Emma yo‘l kiyimida bo‘lib, nihoyatda charchagan, rangi oqarib ketgan edi.

— Elza! — u yig‘lagancha o‘zini dugonasining quchogiga otdi.

— Salom, Emma! Nega yig‘layapsan? Nega kelishingni oldinroq aytmading? O‘g‘ling qani? — Elza bir zumda Emmani savolga ko‘mib tashladi.

— Chaqaloq pastda, enaga bilan. Otto meni tashlab ketdi, bir tiyin ham pul qoldirmadi. Ko‘ylagimni, yana u-bu narsalarni sotib, yo‘lkira qilib kelyapman.

— Yesh bola bilan pulsiz qoldirdimi, a?

Перейти на страницу:

Похожие книги