— Qayerdan kelib qolding? Bor, men frau… Shtirner bilan gaplashib olishim kerak.;
Elza unga ta’na bilan qaradi. Ko‘zlari jiqqa yosh Emma esa Elzaga: «Muomalasini ko‘rdingmi?» — deganday mo‘ltirab turardi.
— Qani, bo‘la qol! — dedi yana Zauyer xotiniga o‘qrayib.
Emma bir xo‘rsindi-yu, indamay chiqib ketdi.
— Otto Zauyer, men sizni taniyolmay qoldim, — dedi Elza undan o‘pkalanib.
— Boshimga bitgan balo bo‘ldi! Undan qanday qilib qutulish yo‘lini topolmayapman, — dedi Zauyer g‘ijiyib. — Tushuning, axir, mening unga nisbatan muhabbatim Shtirner tomonidan sun’iy ravishda qo‘zg‘atilgan.
— Bu sizga unga bunaqa muomala qilishga huquq bermaydi. Uning aybi yo‘q, u sizni Shtirner aralashmasdan ilgari ham sevardi.
— U bilan nima ishim bor? — dedi yana zarda bilan Zauyer. — Shtirner qani?
— Ketdi.
— Qayoqqa?
— Bilmayman. Menga aytgani yo‘q, harholda uyda bo‘lmasa kerak.
— Yelg‘on! Siz uni yashirgansiz!
Elza o‘rnidan turdi.
— Menga qarang, Zauyer, bunaqa ohangda gaplashadigan bo‘lsangiz, hoziroq ketaman.
Zauyer o‘zini arang bosib, Elzaning yoniga o‘tirdi.
— Kechiring meni, Elza, — dedi u endi past tushib. — Shuncha paytdan buyon asablarim ishdan chiqdi. Shtirnrni yo‘q deyapsiz, demak, bo‘sh ekansiz-da?
Elza bosh silkidi.
— Birga bo‘lishimizga nima xalaqit beradi endi?
— Axir sizning bolangiz, xotiningiz bor, Zauyer.
— Gapirmang uni, Elza!
U Elzaning qo‘lidan ushladi. Elza qovog‘ini solib, qo‘lini tortib oldi. Uni endi Zauyerdan ajratib turgan narsa faqat xotini bilan bolasi emas edi. Zauyerning tabiatida paydo bo‘lgan yangi illatlar uni tamom begona qilib qo‘ygan edi. Ehtimol, bo‘lar yangi illatlar emasdir; ehtimol, bu qo‘pollik va toshbag‘irlik unda hamisha bo‘lganu soxta odob niqobi ostida sezilmay kelgandir?
Yana bir narsa Elzani o‘ylantirib qo‘edi. Oxirgi kecha Shtirner butunlay boshqa odam qiyofasida namoyon bo‘ldi. U jinoyatchi edi. Uning erki va tuyg‘ularini mahv etdi. Ammo hayotida iz qoldirib ketdi. So‘nggi kecha u orttirib ketgan tashvish Elzani hayajonlantirmay qolmasdi, albatta. U bunga erkini qaytardi-yu, shu bilan o‘zida hali insof va diyonat borligini ham isbot qildi. |
Zauyer Elzaning ko‘nglida nimalar kechayotganini anglamay, bu sukutni ayollarga xos tortinchoqlik deb o‘yladi.
U yana. Elzaning pinjiga suqilib, entikib gapira ketdi:
— Xo‘p deng, Elza. Baxtli bo‘lamiz. Ikkovimiz ham ko‘p aziyat chekdik, endi baxtiyor bo‘lishga haqqimiz bor. Bundan tashqari, Elza, yodingizdami, merosdan voz kechganingizda men xursand bo‘lgan edim, chunki sizdan ayrilib qolishdan qo‘rqqan edim? Menimcha,endi meros oramizga g‘ov bo‘lolmaydi. Shtirner yo‘q. Uz huquqingizdan foydalanishga nima xalaqit beradi? Gotlibmi? U mishiqidan qo‘rqadigan joyim yo‘q!
Elza Zauyerga bir qaradi-yu, yana qo‘lini tortib oldi. Zauyer Elzaning nigohida hayrat va qo‘rquv ifodasini ko‘rdi.
— Siz meni tamagir odam ekan, deb o‘ylamang, — deya shoshapisha o‘zini oqlagan bo‘ldi u, — Yo‘q, men faqat sizni, boyligingizni emas, o‘zingizni yaxshi ko‘raman. Lekin odam pishiq bo‘lishi kerak. Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi, degan gap bor. Kelajagingizni o‘ylang. Agar menga ishonch qog‘ozi bersangiz, hech bo‘lmaganda sizga qoldirilgan meros miqdorida boyligingizni saqlab qolaman.
Elza o‘rnidan turib, go‘yo bir narsadan yuzini himoya qilganday qo‘lini ko‘tardi.
— Yo‘q, Zauyer, yo‘q! Merosdan og‘iz ochmang! Yana shu iflos ishga aralashishni xohlamayman… Qo‘ying bunaqa gapni… Charchadim… Kechasi bilan uxlamaganman, oyoqda zo‘rg‘a turibman…
— Lekin bu oxirgi so‘zingiz emasmi? — dedi Zauyer uzoqlashib borayotgan Elzaning orqasidan.
Elza javob bermay, tez chiqib ketdi.
U o‘z xonasiga chopib kirdi-yu, yig‘lab o‘tirgan Emmani bagriga bosdi.
— Yiglama, qizalog‘im! Ottoni tortib olmayman, lekin uni yoningga qaytarishing ham qiyin deb qo‘rqaman.
— Nahotki? — dedi Emma Elzaga nochor termilib.
— Ehtimol, keyinroq… — Elza dugonasiga tasalli berish uchun shunday dedi-yu, ammo Ottoning qaytishiga o‘zi ham ishonmadi.
— Endi dam olishimiz kerak. Seni yolg‘iz qoldirmayman. Hammasini unutish uchun uzoq-uzoqlarga ketamiz. Iig‘lama! Sen o‘zingni asrashing kerak. Unchalik yolgiz ham emassan. Ug‘ling bor. Birgalashib tarbiya qilamiz. Baxtingni shundan topasan.
— Ha, ketamiz. Meni tashlab ketma, Elza!
Zauyer boshini xam qilgancha qishki bog‘da, akvarium yonida o‘tirar, alamini kimdan olishni bilmasdi.
— O, yaramas! — deb qichqirdi u birdan va o‘zi ham sezmagan holda akvariumga musht soldi.
Shisha chil-chil bo‘lib, suvi to‘kilib ketdi, akvarium tubiga tushib qolgan baliqchalar dumini likillatib, og‘zini kap-kap ochgancha qolaverdi…
UCHINCHI QISM
I. DENGIZ SOHILIDAGI UY
Qirg‘oq bo‘ylab esayotg‘an shabada xurmo yaproqlarini xuddi ulkan yelpig‘ichday bir maromda tebratadi. Hali erta bo‘lishiga qaramay oftobning shashti zo‘r. Daraxtlar yerga quyUQ soya gashlagan.