Tintuvni ana shunday stansiyalardan bittasi joylashgan Shtirnerning xonasidan boshlashdi. Ikkinchi bir stansiya binoning narigi boshiga, «hayvonotxona» yoniga o‘rnatilgan edi. Stansiya ishlamasdi.
— Menimcha, janoblar, endi qo‘rqadigan joyi qolmadi. Niqoblarimizni yechsak ham bo‘laveradi, — dedi Gotlib va birinchi bo‘lib o‘zi boshidan simto‘rni olib tashladi. Boshqalar ham shunday qilishdi. Bu yerga kelganlar orasida Gotlibning bir nechta eski tanishlari bor edi: prokuror, politsiya boshlig‘i va «urush olib borishning yangi metodlarini o‘rganish» maqsadida Shtirnerga qarshi harbiy yurishda qatnashgan «temir general».
U Shtirnerga qarshi urushda mag‘lubiyatga uchraganini oqlamoqchi bo‘lganday, qo‘llarini ikki tomonga yozib, gapirardi:
— Shtirnerga qarshi xotinlarga o‘xshab boshga to‘r yopinib borish kimning xayoliga kelibdi? — Keyin u oppoq baroq qoshlarini chimirib, Kachinskiyga ishora qildi: — Bo‘lajak sarkardalar endi mana shular, injenerlar. Bizning davrimiz o‘tdi! O‘qtalgan nayzamizni mana bu narsalar istagan tomoniga burib yuborganidan keyin, nayza bilan bir ish qilib bo‘ladimi? — u Shtirner xonasining eshigidan ko‘rinib turgan mashinaga ichiqoralik bilan qarab qo‘edi.
Fikrga ta’sir etuvchi mashinalar qo‘lga tushirilganini hammaga xabar qilib qo‘yish kerak. — Zauyer shunday deb, Shtirnerning xonasiga o‘tdi. — He-ye, jin ursin! — deb to‘ng‘illadi u yana notanish konstruksiyadagi mashinaga garangsib tikilgancha. — Kachinskiy! — u ixtirochini yordamga chaqirdi, — manavi narsaning tiliga tushunasizmi?
Kachinskiy mashinaning yoniga kelib, richagini dadil aylantira boshladi. Mashina ishga tushib ketdi.
— Shtirnerning ta’sirini yo‘qotadigan. to‘lqin tarqatish kerak hammayoqqa, — dedi Kachinskiy.
— To‘gri! — deb ma’qulladi ko‘pchilik baravariga.
Shundan keyin Kachinskiy, shu yerda turganlardan birining iborasi bilan aytganda, odamlarni «uzoqdan turib davolay boshladi».
— Xo‘sh? — deb so‘radi Zauyer yerto‘lalarni tintuv qilgan soldatlarning iridan.
— Shtirner yo‘q! — Deb javob berdi u.
— Birinchi qavatdan qidiringlar! Birorta tirqish ham qolmasin!
— Kechirasiz, janob prokuror, — deb murojaat qildi Kachinskiy prokurorga, — manavi chizmalarni olsam bo‘ladimi? Shtirner menga qoldirib ketgan edi…
— Hozir men biror narsani ham olishga ruxsat berolmayman. Bularning hammasi ashyoviy dalillar. Ehtimol, keyinroq…
— Afsus! — dedi Kachinskiy.
«Yaxshiyam tanishishga ulgurib, muhim formulalarni yozib olgan ekanman. Chizmalarning keragiyam yo‘q! — deb o‘yladi Kachinskiy. — Bular bo‘lsa formulalarning hammasiga tushunishmaydi».
— Mening ham bir iltimosim bor, janob prokuror, — dedi Gotlib. — Katta boylik saqlanayotgan yerto‘lalarni qo‘ryqlash uchun qo‘shimcha otryad chaqirish kerak. Buni talab qilishga haqqim bor, deb o‘ylayman, chunki men qonuniy merosxo‘rman. Bunga endi hech kimda shubha bo‘lmasa kerak.
— Sizning huquqlaringiz kelajakda hal bo‘ladi, — dedi prokuror. — Lekin qo‘shimcha otryad chaqirishga qarshi emasman.
Bu gaplarni eshitib, Zauyerning qovogi osilib qetdi. U Gotlibning yoniga kelib, piching bilan gapirdi:
— Otga sal oldinroq qamchi bosmayapmizmi janob Gotlib? Siz shuni yaxshi bilasizki, sud merosni Elza Glyuk foydasiga hal qilgan, sud hukmi qonuniy kuchga kirgan.
— Lekin vaziyat o‘zgarganligi uchun bu ish qayta ko‘rilishi mumkin! — dedi u va birdan o‘zining yaqinginadagi sherigiga o‘shqira ketdi. — Siz nima uchun bu ishga burningizni tiqyapsiz? Shuncha chalkashtirganingiz ham yetadi! Agar yana meros yo‘lida ko‘ndalang turadigan bo‘lsangiz, sizni qamoqqa olishlarini talab qilaman. Chunki siz Glyuk nomidan gapirgansiz, demak, jinoyatga sheriksiz!
— Lekin muhtaram otangizning merosdan mahrum bo‘lish sabablari masalasi ham bor… — dedi unga javoban Zauyer.
Krans kirib keldi-yu, bahs uzilib qoldi.
— O‘-ho‘! — dedi u qo‘llarini yozib. — Tanish joy-ku! Esingizdami, Gotlib, janob Shtirnerning soqolini olib kiyimini cho‘tkalagan edik shu yerda, evaziga… qhe… choychaqa ham olgan edik. Sizga ashyoviy dalil sifatida turmada bergan chaqam yodingizda bo‘lsa kerak, janobi oliylari, — deb murojaat qildi u prokurorga. — Men qilgan jinoyat o‘sha edi. Shtirnerni o‘ldirish o‘rniga kiyimini cho‘tkalab o‘tiribman-a!
— Hech kim bu jinoyatingizni yuzingizga solmaydi, Krans. Shuncha qamoqda o‘tirganingiz ham yetadi, endi sizni jiddiy ish kutyapti. Qafasni qo‘lga tushirdigu, ammo ichidagi qushcha uchib ketibdi. Shtirner yo‘q.
— Topamiz, topamiz! Yerning ostidan bo‘lsa ham sug‘urib olamiz! — dedi Krans quvnoq bir ohangda.
— Noxush xabar, — dedi Kachinskiy telefon trubkasini qo‘yib. — Hozirgina bir zavoddan telefon qilishdi, Shtirnerning ta’siri o‘z kuchini yo‘qotishi bilan bir necha yuz ishchi hushidan ketib qolibdi. Aftidan, bu Shtirnerning ta’sirida uzoq vaqt bo‘lib, qattiq charchaganlik oqibati bo‘lsa kerak. Zudlik bilan yordam berishga to‘g‘ri keladi.
Zauyer tajang bir ahvolda xonadan chiqib, uchinchi qavatga ko‘tarildi. Qishki bog‘da Elza bilan o‘z xotiniga duch keldi.
Emma quvonib, uning quchog‘iga otildi.
— Otto!
Ammo Zauyer uni siltab tashladi.