Читаем Jahongir полностью

Tomi tekis, keng ayvoni okean sohiliga qaragan mo‘’jazgina uy tog‘ yonbag‘riga joylashgandi. Uyning orqasidan tropik o‘rmon boshlanib ketgan. Uyni gir qurshab olgan xurmo daraxtlari ulkan yaproqlari bilan jazirama issiqni daf qilib turadi. Hovlining atrofi ko‘kat devor bilan o‘ralgan.

Uy yakka-yolg‘iz. Pastqam tog‘ tizmasi ortida kichkina shaharcha joylashgan.

Egniga yengil oq kostyum kiyib, oyog‘iga shu yerning ustalari yasagan to‘qima tuflini sarpoychan kiyib olgan mallasoch, yoshgina juvon ayvonda nonushta qilib, kofe ichib tirardi.

— Yana ichasizmi? — deb so‘radi xuddi o‘shanday oq ko‘ylak, oq shalvar va to‘qima poyabzal kiygan keksa xizmatkor.

— yo‘q, Gans, rahmat. Opketavering. Darvoqe, oyog‘ingiz qalay, Gans?

— Minnatdorman, juda yaxshi. Oftob ajoyib malham bo‘ldi. Hademay bemalol raqsga tushsam ham bo‘laveradi.

— Frau Shmitgof uydami?

— Masalliq opkelishga ketuvdi. Hali-zamon kep qoladi. Birbr narsa keraqmi, frau?

— Yo‘q, rahmat, hech narsa kerak emas.

Gans ketdi.

Elza xurmo yaprog‘idan yasalgan yelpig‘ichni oldi-da, yengil to‘qima kresloni dengiz tomonga burib, tong quyoshidan jimirlab yotgan suv sathiga tikilgancha asta yelpinib o‘tirdi.

Elzaning bu yerga kelib qolganiga ham, mana, uch yil bo‘ldi. Emma, uning o‘g‘li va Elzani birga opketishga ko‘ndirgan frau Shmitgof ham shu yerda istiqomat qilardi.

Elzaning bu yerga kelib uchratgan birinchi odami Karl Gotlibning keksa xizmatkori Gans bo‘ldi. Shtirner ketishidan oldin Elzaga tayinlagan ishonchli odam shu edi.

Shtirner Gansning sadoqatini «mustahkamlash» maqsadida unga katta kuchlanishda ta’sir o‘tkazgan edi. Usha paytda Shtirner ta’sirni uzoq muddat saqlash bobida katta yutuqlarga erishgandi, hatto o‘zini umrbod «boshqa shaxs» ga aylantirishni mo‘ljallab yurgan edi. Gans mana shu maqoaddagi birinchi tajriba bo‘ldi. Sinov muvaffaqiyatli tugab, ijobiy natijalar bergach, Shtirner o‘z ishidan xursand bo‘lib, mamnun jilmayib qo‘edi.

«Odamlarni sofdil va sadoqatli qilish naqadar oson bo‘lib qoldi!» — deb ko‘nglidan o‘tkazgan edi u, Gansni bu yoqqa jo‘nata turib.

Ammo sun’iy ravishda tug‘dirilgan bu sadoqat faqat ehtiyotkorlik nuqtai nazaridan qilingan edi. Gans busiz ham Shtirnerga umrbod sodiq qolib, uning har qanday buyrug‘ini so‘zsiz bajarishi mumkin edi. Yaqin shaharlardan biridagi bankda uning nomiga katta miqdorda pul qo‘yilgan edi. Ammo pulning ham, uyning ham to‘la xo‘jayini Elza edi. Unga shovqinsuronli shaharlardan va o‘tmishini esga soladigan hamma narsadan yiroq bo‘lgan bu ovloq maskan juda ham yoqar edi. U tezroq o‘zini unutishlarini xohlardi.

Ularning bu yoqqa kelishlari xuddi qochoqlarning ishiga o‘xshab ketardi. Qayoqqa ketishayotganini birovga aytishmadi, to‘satdan, hech kimni ogohlantirmasdan jo‘navorishdi, hatto bu yoqqa kelgandan keyin familiyalarini ham o‘zgartirib olishdi. Elza bolaligida o‘zini tarbiyalab, voyaga yetkazgan ajoyib kampirning familiyasini oldi — o‘zini Bekker deb atadi. Emma marhum onasining qizlik familiyasiga o‘tib, Shpilman bo‘ldi. Faqat Shmitgof o‘z familiyasida qoldi.

— Men o‘zimning familiyamga judayam o‘rganib qolganman, o‘zgartirsam chalkashtirib yuraman. Bundan tashqari… bu g‘ayriqonuniy ishdir, javobgarlikdan qo‘rqaman, — dedi u.

Ular osoyishta hayot kechirishardi. O‘zlarini ma’lum qilib qo‘ymaslik uchun hech kim bilan xat yozishmas, hatto gazeta ham olishmasdi. Shmitgof bilan Gans ro‘zg‘orga qarar, qora tanli enaga bolani boqish va parvarish qilishda Emmaga yordamlashardi. Ikkita negr tomorqa bilan bog‘da ishlar hamda bir juft ot bilan eshakni boqardi. Aslida otlarning zarurati ham yo‘q edi. Ba’zan Emma o‘g‘li bilan otga minib, aylanib kelardy. Ular asoyean okean sohilida sayr qilishardi.

Hammalari ham tanib bo‘lmas darajada qorayib ketishgandi. Ayniqsa kichkina Otto, uni Miqtivoy deb atashardi. Qopqora sochlari jingalak, har doim oftobda yalang‘och yurganidan badani ko‘mirga o‘xshab ketgan bu bola, yuzining yevropacha bichimini demasa, naq habash edi.

Katta shaharda yashab o‘rganib qolgan Emma dastlabki kunlari ancha zerikdi, ammo ko‘p o‘tmay yangicha hayotga ko‘nikib ketdi. Bolaning tashvishidan qo‘li bo‘shamasdi. O‘zining yuziga ham avvalgi qizillik qaytgan, o‘g‘liga qo‘shilib kulganida uy ichi xuddi qo‘ng‘iroq sadosiga to‘lib ketganday bo‘lardi. Kechqurunlari Elza ko‘pincha royal chalib o‘tirardi: bu odati haliyam qolmagandi. Emma bolasini uxlatib kuy tinglab o‘tirardi.

Har kim o‘z dardini o‘ylardi.

Elza ertalab hammadan kech turardi. Nonushta qilib o‘tirib, okean sohilidan eshitilayotgan sho‘x qiyqiriqlarga jilmayib quloq solardi.

Bola kun bo‘yi sohildan beri kelmasdi.

U rang-barang tosh va chig‘anoqlar terar, qisqichbaqa tutar, to‘lqin qirg‘oqqa chiqarib tashlagan mayda baliqlarni qaytadan suvga uloqtirib yurardi.

Перейти на страницу:

Похожие книги