Yuraksiz Emma boshda hamma narsadan qo‘rqardi. Nazarida go‘lqin uyni supurib ketadiganday tuyular, chayonlar, ilonlar uyga. o‘rmalab kirib kelayotganday bo‘lardi. Arslonlar yuragiga vahima solardi. Darhaqiqat, bu yerda arslonlar ham bor edi, lekin ular olisda, o‘rmon ichkarisida yashashardi. Hech qachon uyga yaqin yo‘lashmasdi. Har zamonda ularning o‘kirgani eshigilib qolardi, xolos. Shunday paytda Emmaning o‘takasi yorilib, Elzani uyg‘otardi… Lekin bora-bora u ham bularning hammasiga ko‘nikib qoldi.
Elza asta-asta yelpingancha okeanda, ko‘rfazga kiradigan joyda paydo bo‘lgan oppoq kemani kuzatib turdi. Ko‘rfazda ko‘pincha mahallyy aholining baliqchi qayiqlari suzib yurardi. Yevropa kemalarining bu tinch kunjakka kirishi katta voqea hisoblanardi. Okean kemalarining yo‘li ancha olisda edi. Kichikroq kemalar ba’zan ufqda ko‘zga chalinardi-yu, yo to‘g‘riga o‘tib ketar, yoki bo‘lmasa qo‘shni shaharchaning portiga qarab burilardi. Bu gal oq kema to‘ppa-to‘g‘ri ko‘rfazga kirib kela boshladi.
Elza oromi buzilishidan xavotirlangan kishilarda bo‘ladigan noxush bir kayfiyatga tushdi.
Kema bir tekis chayqalib, sohilga yaqinlashib kelardi.
Kema ustida qizil bayroq hilpiradi.
«Qiziq», — deb o‘yladi Elza.
Bu orada kema qirg‘oqqa yaqin kelib to‘xtadi.
Langar zanjirlarining sharaqlagani eshitildi, yelkanlar tushirildi. Qayiqda ikki matros bilan egniga oq kostyum, boshiga po‘kak qalpoq kiygan yana uch odam o‘tirardi. Qayiq Emma, o‘g‘li va qora tanli enaga turgan joyga kelib to‘xtadi. Oq kiyingan uch odam qayiqdan tushdi. Boyagi qo‘ng‘iroqday ovozlar tinib qoldi. Bola onasining pinjiga kirib, notanish odamlarga qo‘rqib qarab turardi. Matroslar qayiqdagi paxta toylariga o‘xshagan yuklarni ko‘tarib, bellarigacha suvga botgancha qirg‘oqqa tashiy boshladilar. Oq kostyumli kishi Emmaning oldiga kelib ta’zim qildi, boshidan qalpog‘ini oldi-da, yuklarga ishora qilib, bir nimalar dedi. Emma bosh silkidi. Matroslar bilan oq kostyumli uch odam yuklarni ochib, brezent, arqon va qoziqlarni olishdi. Chodir tika boshlashdi. Shu yetmay turuvdi! Nima uchun albatta shu yerga tikishlari kerak bo‘lib qoldi?
Emma bolani ko‘tarib olgan enagaga allanimalar dedi, uchovlari tosh yo‘lkadan shosha-pisha uyga ko‘tarila boshladilar.
Elza tez-tez yelpinib, bularning yetib kelishini betoqatlik bilan kutdi. Emma bola bilan enagani ortda qoldirib, ayvonga deyarli chopib kirdi. Elza Emmaiing rangi oqarib ketganini ko‘rib, beixtiyor o‘zi ham hayajonlana boshladi.
— Kim ular? Nima uchun kelishibdi? — deb so‘radi u dugonasidan. Emma balandlikka chopib chiqqanidan va qattiq hayajonlanganidan entikib nafas olardi. To‘zg‘ib ketgan sochlari peshonasiga yopishib qolgandi.
— Bugun parranda topolmadim, o‘rniga yaxshi baliq oldim! — orqadan shaharchadan qaytgan frau Shmitgofning ovozi eshitildi.
— Kim ekan ular? — savolini qaytardi yana Elza, Shmitgofga e’tibor bermay.
— Shtirner bilan tag‘in ikkita notanish odam… — dedi Emma dugonasiga javdirab qarab.
Elza suratday qotib qoldi, keyin gavdasini kreslo suyanchig‘iga tashladi, qo‘lidagi yelpig‘ich yerga tushib ketdi.
— Bo‘lishi mumkin emas! Yanglishyapsan, Emma.
— O‘sha, o‘sha! O‘lay agar, xuddi o‘zi! Basharasi o‘zgarib ketibdi, lekin o‘shaning o‘zi. Uning ko‘zlarini unutib bo‘ladimi? Yenida yana ikkita begona odam bor. Biri yoshroq, ikkinchisi katta yoshda, mo‘ylov qo‘ygan.
Oraga jimlik cho‘kdi. Elza qattiq hayajonda edi.
Go‘yo Emma emas, uning o‘zi hozirgina toqqa chopib chiqqanday tez-tez nafas olardi.
— Nima dedi u senga? — so‘radi Elza.
— Ovga kelishgan ekan, chodir tikishga ruxsat so‘radi. U negadir o‘zini Shtern deb tanishtirdi.
— Shtern! — xitob qildi Elza. — Demak, o‘sha, bunga shubha yo‘q, o‘shaning o‘zi.
— Nega endi Shtern bo‘ladi? — so‘radi Emma.
Elza bir oz ikkilanib turib, keyin javob berdi:
— Bizga o‘xshab familiyasini o‘zgartirgan.
— Shuni bilarkansan, nega menga shu paytgacha indamading? — dedi Emma o‘pkalanib.
— U bilan qaytib uchrashmaymiz deb o‘ylagan edim. O‘tmishini unutishga va uni oshkor etmaslikka uning bizdan ko‘ra asosi ko‘proq. Shuning uchun, Emma, sendan va frau Shmitgof, sizdan iltimos qilaman, Gansni ham ogohlantirib qo‘yinglar, agar Shtirner bu yoqqa kelguday bo‘lsa, hech qaysimiz uning eski nomini tilga olmasligimiz, uni taniganligimizni sezdirmasligimiz kerak. Qanchalik gunoh qilgan bo‘lishiga qaramay, u endi boshqa odam. U o‘z o‘tmishidan voz kechgan, shuning uchun uning sirini oshkor etmasligimiz kerak.
— Bu sir hamrohlariga ma’lum bo‘lsa-chi?
— Unday bo‘lmasa kerak.
— Agar Shtirner bizni tanib, o‘zi o‘zini oshkor qilib qo‘ysa-chi? Menimcha, Elza, seni ko‘rgach, u xotirjam turolmaydi. Kutilmagan uchrashuv bo‘ladi-yu! — u kaftlarini bir-biriga ishqalab, yosh boladay qiyqirib Xitob qildi: — Rosa qiziq ish suldi-da! — Keyin birdan shashtidan tushib qoldi: — Ishqilib, yana biror baloni boshlamasa go‘rga edi…