Uning ishorasi bilan hamma arablar qo’zg’alishdi. Maslahat tugagan edi. Chilimning cho’g’ini o’chirishdi, soqchilar saf tortishdi. Santyago tashqariga chiqmoqchi bo’lgandi, qariya tag’in gap boshladi:
— Ertaga biz vohada hech kim qurol olib yurishga haqi yo’q, degan qoidani bekor qilamiz. Kun bo’yi dushmanni kutamiz, quyosh botganda jangchilarim menga qurollarini topshirishadi. O’ldirgan har o’n nafar dushman uchun sen tilla olasan. Biroq qurol, modomiki, qo’lga olingan ekan, u shunchaki qayta joyiga qo’yilmaydi, qurol dushman qonini tatishi kerak. Zotan, qurol sahroday injiq narsa, keyingi safar otishdan, chopishdan bo’yin tovlashi mumkin. Agar ertaga bizning qurolimizga ish topilmasa, biz uni senga qarshi ishlatamiz.
Bo’zbola chodirdan uzoqlashganda vohani faqat to’lin oy yoritib turganini ko’rdi. U yashab turgan chodirgacha yigirma minutli yo’l bosib o’tilardi, u chodiri tomon yurdi.
Bo’lib o’tgan voqeadan u tashvishga tushdi. U Olam Qalbiga uyg’unlasha oldi va shuning evaziga, ehtimol, endi o’z hayotini berib qutular. Bu juda qimmatga tushmaydimi? Biroq uning o’zi tanladi buni, O’z Taqdiri yo’lidan bormoqchi bo’lib qo’ylarini sotdi. Tuyakash aytganiday, bir boshga bir o’lim… Baribir emasmi: ertaga o’lding nima-yu, boshqa kuni o’lding nima? Yashaydigan yoki qazoyingni topadigan har qanday kun ma’qul aslida. Hammasi “Maktub” so’ziga bog’liq.
Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi. Mabodo ertaga o’lib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini o’zgartirishni xohlamagan bo’ladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: bo’g’ozdan suzib o’tdi, do’kondagi ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning ko’zlaridagi ma’noni uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni bo’sh, samarasiz ketgani yo’q. Agar ertaga ko’zlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa cho’ponlardan ko’ra ko’p narsalarni ko’rib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.
U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati uni yerparchin qildi. Qum to’zoni oyni bekitdi. Bo’zbola ro’parasida turgan haybatli oq otni ko’rdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik cho’pchigancha qattiq kishnardi.
Qum to’zoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha o’zi his etmagan qo’rquv dahshati chulg’ab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirg’iyni qo’ndirgan suvori o’tirardi. Uning yuzi burkangan, faqat ko’zlari ko’rinadi. Novchaligini aytmaganda, u karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir bo’layotganidan yo’lovchilarni xabardor qilgan badaviylarning biriga o’xshardi.
Oy shu’lasi egilgan tig’da jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tang’ib boylangan qilichni qo’liga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan guldurosli ovozda hayqirdi:
— Qirg’iylar parvozining ma’nisini ilg’amoqqa jur’at qilgan kim?
— Men, — javob qildi Santyago.
Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar G’olibi, tuyoqlari bilan g’ayridinlarni toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan o’xshab ketdi. Hammasi sirtdan aynan o’xshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.
— Men, — takror aytdi u va qilichning zarbini kutib boshini egdi. — Ko’p kishilarning joni omon qolardi, biroq siz Olam Qalbiga uyg’un keladigan qarorni qabul qilmadingiz.
Qilich dami bo’zbolaning manglayiga tekkuncha, sekin tushib keldi. Bir tomchi qon chiqdi.
Suvori qilt etmay turardi. Santyago ham damini ichiga yutdi. U hatto qochib qutulishga urinmadi. Vujudining tub-tubida g’alati umid uchqunladi: u O’z Taqdiri yo’lida halok bo’ladi. Fotima uchun halok bo’ladi. Demak, belgilar aldamagan. Mana, Dushman manglayida turibdi, shu bois ajal unga dahshat sololmaydi, zotan, Olam Qalbi mavjud va bir nafasdan so’ng u Olam Qalbining bir qismiga aylanadi. Ertaga uning qismati Dushmanning boshiga ham tushadi.
Suvori hanuz qilichini sermashga shoshilmas edi.
— Nega bunday qilding?
— Men qirg’iylar parvozi daraklagan xabarni eshitdim va buning ma’nisini tushundim, xolos. Ular vohani qutqarmoqni istashdi. Vohaning himoyachilari sizlarni qirib tashlaydi, ular ko’pchilik.
Qilichning dami hanuz uning manglayiga tegib turardi.
— Kimsan o’zing, Ollohning ishiga aralashadigan?
— Olloh faqat qo’shinnimas, qushlarni ham yaratgan. Ularning tilidan meni Olloh voqif qildi. Dunyodagi jamiki koru a’mollar bitta qo’lda bitilgan, — javob qildi bo’zbola Tuyakashning so’zlarini eslab.
Nihoyat suvori qilichini chetga oldi. Santyago nafasini rostladi.
— Bashorat qilishda ehtiyot bo’l, — dedi suvori. — Hech kim peshonasiga yozilganidan qochib qutulmaydi.
— Men faqat qo’shinni ko’rdim, — dedi bo’zbola. — Jang oqibati menga ayon bo’lgani yo’q.
Bunday javob suvoriga ma’qul keldi, biroq u qilichini qiniga joylashga oshiqmadi.
— Xo’sh, bu yerda muhojir nima qilib yuribdi?
— Men o’z Yo’limni izlayapman. Biroq sen buni tushunmaysan.
Suvori qilichini qiniga joyladi. Uning kiftidagi qirg’iy chiyillab tovush berdi. Santyagoni chulg’agan tang holat bir qadar bo’shashdi.