Читаем Alkimyogar полностью

— Faqat Uning O’zigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda ko’rsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qo’yilgan taqdirni o’zgartirish lozimligi sabab bo’ladi.

“Bu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — o’yladi shu damda Tuyakash. — Xudovand uni o’ziga vositachi etib tanlagan”.

— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qo’shinning bizga yaqinlashib kelayotganini xabar qil.

— Ular ustimdan kulishadi.

— Yo’q, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz qoldirishmaydi.

— U holda hammasi ularning o’ziga ayon bo’lgandir.

— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham ko’p marta shunday bo’lgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.

Santyago Fotimani o’yladi va vohada joylashgan qabila boshlig’ining qoshiga borishga qaror qildi.

— Meni boshliqlar oldiga o’tkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida turgan soqchiga. — Sahroda men alomatlarni ko’rdim.

Soqchi bir so’z demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga o’ziga ko’ringan manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tag’in ichkariga kirib ketdi.

Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Ko’p o’tmay gulxanlar ham o’chdi va vohaga asta-sekin jimjitlik cho’kdi. Faqat kattakon chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida o’yladi, garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilg’ay olmagan bo’lsa-da.

Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qo’yishdi.

Chodirda ko’rganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq o’rtasida bunday joyni ko’raman, deb hech o’ylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari to’rda gul tikilgan ipak yostiqlarga yonboshlab o’tirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda shirinliklar va choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor bo’lib turishibdi, havodan tamaki tutunining yengil xushbo’y hidi taraladi.

Santyagoning ro’parasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — o’rtada o’tirgan zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bilan gaplashgan yigit o’tiribdi.

— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — so’radi qabila boshliqlaridan biri.

— Menman, — javob qildi Santyago va ko’rganlarini aytib berdi.

— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning ajdodlarimiz yashab o’tgan bo’lsa? — so’radi boshqa bir qabila boshlig’i.

— Chunki mening ko’zlarim hali sahroga ko’nikmagan, bu yerliklar payqamagan narsalarni ko’radi, — dedi Santyago va ko’nglidan: “Boz ustiga menga Olam Qalbi ochilgan”, degan gap o’tdi.

Bu so’nggi gapni u ovoz chiqarib aytmadi — arablar bunday narsalarga ishonishmaydi.

— Men faqat ko’rganimni aytdim. Ishonmasangiz, bu sizning ixtiyoringiz.

Chodirga og’ir jimlik cho’kdi, keyin qabilalar boshliqlari qizishib, gapga kirishib ketishdi. Ular gapirayotgan lahjani Santyago tushunmasdi, biroq u eshikka tomon qadam tashlaganda soqchi qo’lidan tutdi. Bo’zbola qo’rqib ketdi. Belgilar xatarni daraklardi va u Tuyakashga ko’nglini ochganidan afsuslandi.

Biroq o’rtada o’tirgan qariya kulimsiradi va Santyago darhol xotirjam bo’ldi. Shu paytgacha u biror so’z qotmagan, tortishuvga qo’shilmay o’tirgan edi. Biroq Umum Tilidan xabardor bo’zbola qo’shinning yaqinlashib kelayotganidan chodir titrayotganini his etdi va bu yerga kelib to’g’ri qilganini tushundi.

Chodirdagilar jim bo’lishdi va qariyaning gapini diqqat bilan eshitishdi. Qariya Santyagoga o’girilib qaradi va bu safar bo’zbola uning yuzida sovuq begonasirashni payqadi.

— Ikki ming yilcha burun bu yerdan uzoqda, ko’rgan tushlarga ishonadigan bir odamni quduqqa tashlashgan, keyin qul qilib sotib yuborishgan, — gap boshladi qariya. — Bizning savdogarlar uni Misrga olib kelishgan. Hammamizga ma’lum, tushlarga ishongan odam ularning ta’birini ham biladi.

“Garchi har doim ham ularni rostga o’ngara olmasa-da”, — o’yladi Santyago lo’li kampirni eslab.

— O’sha odam Fir’avnga uning yetti ozg’in va yetti semiz sigir haqidagi tushini to’g’ri ta’birlab, Misrni ocharchilikdan saqlab qolgan. Uning ismi Yusuf edi. U ham senday bir musofir edi, yoshi ham sen tengi edi.

Qariya jim qoldi. Uning ko’zlari hanuz sovuq boqardi.

— Biz doim urf-odatni saqlaymiz. Urf-odat Misrni ocharchilikdan qutqardi, xalqini boshqa xalqlar orasida eng boy-badavlatga aylantirdi. Urf-odat sahroda yurish va qizlarimizni erga uzatishni o’rgatadi. Unga ko’ra, voha — hech kimga tegishli bo’lmagan yer, zotan, jang qilayotgan har ikki taraf bu yerga muhtoj, usiz halok bo’lishi tayin.

Hech kimdan sado chiqmadi.

— Ammo Urf-odat bizga sahro daraklariga ishonishni uqtiradi. Nimagaki aqlimiz yetsa, bularni bizga sahro o’rgatgan.

Перейти на страницу:

Похожие книги