— Men sening chindan jo’mard ekaningni bilmoqchi edim. Umum Tilini qidirayotganlar uchun bundan muhim narsaning o’zi bo’lmaydi.
Bo’zbola hayron qoldi. Suvori kamdan-kam odamlarning aqli yetadigan narsalar haqida mulohaza yuritardi.
— Bundan tashqari, hatto uzoq yo’lning tanobini tortgan esang-da, bir nafasga ham bo’shashmaslik kerak, — davom etdi suvori. — Sahroni sevish ham mumkin, ammo unga to’la-to’kis ixtiyoringni topshirib bo’lmaydi. Zotan, sahro — odam uchun sinov: bir nafas xayolingni bo’lsang, bas, halokatga uchraysan.
Uning gaplari Santyagoga keksa Malkisidqni eslatdi.
— Jangchilar bu yerga kelishgan chog’da, agar boshing omon bo’lib tursa, meni izla, — dedi suvori.
Boya qilich dastasini tutib turgan suvori qo’lida qamchi ko’rindi. Ot tag’in tuyoqlaridan to’zon ko’tarib, yeldi.
— Sen qaerda yashaysan, — uning ortidan qichqirdi Santyago.
Suvori yelib borayotgan ot ustida qamchi bilan janubga ishora qildi.
Bo’zbola Alkimyogarni uchratgan edi.
Ertasi kuni tongda El-Fayum vohasi xurmozorlarida qurollangan ikki ming kishi saf tortdi. Ufqdan besh yuztacha jangchining qorasi ko’ringan pallada quyosh hali uncha ko’tarilmagan edi. Otliqlar vohaga shimol tarafdan kirib kelishdi, ular o’zlarini go’yo tinchlik istab kelishayotganday qilib ko’rsatishar, qurollarini oq yaktaklari tagiga bekitib olishgandi. Qabila boshliqlarining kattakon chodiriga yetib kelishgan paytda ularning qo’llarida qurollar va qayrilma qilichlar paydo bo’ldi. Biroq chodir bo’m-bo’sh edi.
Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan so’ng qumda to’rt yuz to’qson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining duo-yu jonini qilib o’tirishgan ayollar qatori hech nimani ko’rishmadi. Halok bo’lganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm surardi.
El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolg’iz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding, deya so’rashdi. U bir necha kunga cho’zilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, o’zlariga kelib, keyin yana urushni boshlamoqchi bo’lishganini aytdi.
Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yo’q, dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli o’zgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.
Harbiy sardorni sharmandali o’limga hukm etishdi: o’qni ham, qilich zarbini ham unga ravo ko’rishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning jasadini ancha vaqt tebratib turdi.
Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana Yusufning tarixidan so’zlab berdi va bo’zboladan o’ziga Bosh Maslahatchi bo’lishini so’radi.
Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy to’lishgan palla edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yo’lida duch kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga o’tirib olib, kuta boshladi.
Alkimyogar ha deganda qorasini ko’rsatmadi — oy esa allaqachon tepaga ko’tarilib ketgandi. Nihoyat Alkimyogar ko’rindi, uning yelkasida bir juft o’lgan qirg’iy osilib turardi.
— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.
— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yo’llagan bo’lsa?
— Urush bo’layapti. Men sahrodan o’tolmayman.
Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga ko’z yugurtirib metall eritadigan qozon va ko’rani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha to’zigan kitobdan boshqa narsa ko’zga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib to’qilgan gilam tashlangan edi.
— O’tir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirg’iylarni pishirib ovqatlanamiz.
Bo’zbola bular o’sha — u yaqindan uchib yurganini ko’rgan qushlar bo’lsa kerak, deb o’yladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar o’choqni yoqdi va hayal o’tmay chodirga parranda go’shtining xushbo’y hidi taraldi. Bu tamaki hididan ko’ra yoqimliroq edi.
— Qanday meni istab kelding?
— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening yordamim zarurligini aytdi.
— Yo’q, bu men emas, balki boshqa yo’lovchi — angliyalik. Seni izlagan o’sha.
— Meni topgunicha u ko’p kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u to’g’ri yo’ldan borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yo’q.
— Men-chi?
— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging ro’yobga chiqishiga xayrixohlik qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning so’zlarini takror aytdi va bo’zbola O’z Taqdiri yo’lidan borishga ko’maklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.
— Sen menga ta’lim berasanmi? — so’radi u.
— Yo’q. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yo’llayman, xolos.
— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.
— Sahro menga tanish.