Yurak tilga kirgan chog’dayam, faqat Santyagoning ishonchini mustahkamlash va unga yangidan kuch-quvvat berish uchun gapirar, zotan, gohida sahro sukunati bo’zbolani juda toliqtirib qo’yardi. Yurak unga birinchi marta uning ajoyib fazilatlari, xususan, qo’ylaridan voz kechishga qaror qilganda jur’at ko’rsatgani va do’konda ishlab g’ayrat-ishtiyoqini namoyon etgani haqida gapirdi.
U yana Santyago hech qachon payqamagan bir jihat: o’ziga xavf solgan xatarlar haqida ham gapirdi. Yurak otasidan yashirincha olib chiqqan, qayoqdadir qolib ketgan miltiq haqida gapirdi, bu qurol bilan u o’zini yarador qilib yoki otib qo’yishi hech gap emasdi. Yana bir safar biyday dalada bo’zbola o’zini yomon his etgani, ko’ngli aynib qusa boshlagani, keyin esa hushini yo’qotib yiqilib uxlab qolganini yodiga soldi. Ayni o’sha paytda ikki nafar daydi o’zini o’ldirib, qo’ylarini haydab ketish niyatida uni poylagan. Biroq Santyago ha deganda kelavermagach, ular bo’zbola suruvini boshqa tarafga haydab ketgan bo’lishi kerak, deb jo’nab qolishgan.
— Yurak har doim ham odamga yordam beradimi? — so’radi u.
— Har kimga ham emas. Faqat o’z Taqdiri yo’lidan borayotganga. Va yana bolalarga, mastlar va qariyalarga.
— Bu degani, ular xavf-xatardan xoli deganimi?
— Bu — atigi ularning yuraklari bor kuchini safarbar etadi, degani.
Bir safar ular o’zaro dushman qabilalar jangchilari qo’nalg’alari yonidan o’tishdi. To’rt tomonda bejirim oq yaktakdagi qurolli odamlar ko’zga chalinardi. Ular chilim chekishar va janglar haqida gurunglashardi. Santyago bilan Alkimyogarga biror kishi zarracha e’tibor qaratmadi.
— Biz xavfdan xolimiz, — dedi bo’zbola lashkargohni ortda qoldirishgach.
— Yuragingga ishon, biroq o’zingning sahroda ekaningni bir zum yodingdan chiqarma! Odamlar o’zaro urushayotganda Olam Qalbiga jang shovqini yetib boradi. Quyosh ostida ro’y berayotgan voqealar oqibatidan hech kim qochib qutulolmaydi, — Alkimyogarning ovozida alam ohangini sezish qiyin emasdi.
“Hammasi — bir butun”, — o’yladi Santyago.
Shu payt, go’yo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yo’lovchilar ortidan quvib kelayotgan bir juft suvori ko’rindi.
— Yo’lni davom ettirishlaring xavfli, — dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. — Bu yerda urush ketayapti.
— Biz ko’p yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning ko’ziga tik qarab.
Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yo’lovchilarni o’tkazib yuborishdi. Santyago hayratga tushdi.
— Sen ularni ko’zing bilan qotirdingmi?
— Ko’zning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.
“Ha, bu shunday”, — o’yladi bo’zbola, lashkargohni yonlab o’tishayotganda jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto o’sha jangchining yuzini payqab bo’lmasdi, biroq baribir Santyago o’ziga tikilgan nigohni his etdi.
Va nihoyat, ular ufqni to’sgan toqqa ko’tarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha ikki kunlik yo’l qoldi, deb aytdi.
— Garchi yaqin orada xayrlashadigan bo’lsak ham, meni alkimyoga o’rgat.
— Sening o’rganishingga hojat yo’q. Bu ilm Olam Qalbiga uyg’unlasha bilishdan va u yerda o’zingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.
— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qo’rg’oshinni qanday qilib oltinga aylantirishni bilishni istayman.
— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan ko’ra uzoqroq rivojlanish, o’zgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan so’rama — bilmayman. Men faqat shunday bo’lganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar donishmandlarning so’zlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot timsoli bo’lish o’rniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.
— Tevaragimizdagi olam ko’p tillarda gapiradi, — dedi bo’zbola. — Burun tuyaning o’kirgani men uchun shunchaki o’kirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi tovushga aylandi. Va nihoyat — yana o’kirik bo’lib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim bo’ldi.
— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari o’z laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi bo’lishdi — Iksir shu tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning tevaragidagi bor narsalar ham o’zgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib bo’lishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy odamlarnikidan ko’ra sezgir bo’lgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular qo’rg’oshinning ham, misning ham, temirning ham o’z Yo’li borligini unutishgan. Zero, birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, o’zining shaxsiy Yo’lini yo’qotadi.
Alkimyogarning ushbu so’zlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan chig’anoqni oldi.
— Bir zamonlar bu yerda dengiz bo’lgan, — dedi u.