«Nahotki shunchalik tez ko‘ndirgan bo‘lsa? — deb o‘yladi Kachinskiy. — O‘zi xotirasini tiklashga urinib ko‘rishni taklif qilganida u har doim rad etar edi-ku».
Elza Shtirnerni ergashtirib keldi.
— Bu kishi rozi, — dedi u ayvonga kirib, — hatto o‘zlari iltimos qilyaptilar.
— Rozimisiz? — deb so‘radi Kachinskiy ishonqiramay.
— Jonim bilan. Zarracha qarshiligim yo‘q, — deb javob berdi Shtirner.
Kachinskiy o‘ylanib qoldi: «Xohlagan paytimda yana xotirasini yo‘qotib yuborishim mumkin-ku. Hushyor bo‘lib kuzatib turaman».
— Nima ham derdim, mayli, sizlar aytgancha bo‘la qolsin, — dedi Kachinskiy. — Keyin cho‘ntagidan qutichani — kuchaytirgichakkumulyatorni olib, chakkasiga bosdi-da, Shtirnerga fikran buyruq berdi:
— Utirib, uxlang!
Shtirner itoatkorlik bilan kresloga o‘tirdi-da, ko‘zlarini yumib, shu zahoti uyquga ketdi.
— Odatda uxlatish usulini qo‘llamaymiz, — dedi Kachinskiy Elzaga murojaat qilib, — lekin bu murakkab operatsiya. Men uni faqat o‘n minutgagina avvalgi holatiga qaytaraman…
— Yigirma minutga! — dedi Elza.
— Mayli, o‘n besh minutga, undan ko‘p emas. Bu vaqt ichida biror nojo‘ya ish qilib qo‘yishga ulgurmasa kerak, deb o‘ylayman. Har ehtimolga qarshi uni uy ichidan kuzatib turaman, bunisiga xo‘p deysiz. Roppa-rosa o‘n besh minutdan keyin u yana Shternga aylanadi.
Kachinskiy gapdan to‘xtab, Shtirnerga qattiq tikildi.
— Hozir uyg‘onadi. Men ketdim.
Kachinskiy uyga kirib, eshik orqasiga turib oldi. Ayvondan u ko‘rinmasdi.
Shtirner bir necha bor chuqur nafas oldi, ko‘zlarini xiyol ochdi-yu, ammo oftob yorug‘idan yana darrov yumdi. Gotlib uyidagi kattakon zalning nimqorong‘isi bilan yarqirab yotgan okean sathi o‘rtasidagi farq katta edi. Nihoyat, u asta-sekin ko‘zlarini ochdi.
— Nima bu? Qayerdaman? Elza! Senmisan?… — U Elzaning bag‘riga otilib, qo‘llaridan o‘pa boshladi. — Jonginam Elza! Nimalar bo‘lyapti? Hech fikrimni yig‘ishtirib ololmayapman…
— O‘tiring, Lyudvig, — dedi Elza muloyimlik bilan, — yaxshilab eshiting, gapimni bo‘lmang. Ixtiyoringizda o‘n besh minutgina vaqt bor… Hozir hammasini tushuntiraman. Siz o‘sha momaqaldiroqli tunda Shternga aylanib, ketib qoldingiz. Mana, siz bilan yana uchrashdik. Qanday qilib deysizmi? Vaqtimiz qolsa keyin aytib beraman. Endi syzdan myoni shuncha paytdan buyon, ya’ni uch yildan beri qiynab kelayotgan savolga tezroq javob berishingizni so‘rayman.
— Uch yil? hayron bo‘lib so‘radi Shtirner.
— Rostini ayting: Karl Gotlibning o‘limiga aybdormisiz, yo‘qmi?
— Sizga aytganman-ku, Elza. Gotlibning o‘limiga baxtsiz tasodif sabab bo‘lgan.
— Ammo ikkinchi vasiyatnoma uning o‘limidan atigi bir oy oldin yozilgan. Bu ham tasodifmi?
— Yo‘q bu tasodif emas. Bunda, ochig‘ini aytsam, mening aybim bor. Men so‘nggi vasiyatnomani yozishga Gotlibni rostdan ham shoshiltirganman, chunki umridan sanoqli kunlar qolgan edi. Ko‘rinishdan bardam bo‘lishiga qaramay, uning yuragi chatoq edi. Vrachlar o‘ziga aytishmagan, lekin ishonchli kishisi sifatida menga uni bir oydan ortiq yashamaydi, deyishgan edi. Shuning uchun unga tezroq vasiyatnomani yozishni buyurib, fikran ta’sir o‘tkazganman. Nima uchun o‘zimning emasu sizning nomingizga yozilganini aytuvdim shekilli. Mana shu «qing‘ir» yo‘l maqsadga tezroq yetkazardi, — dedi u tanish istehzo bilan.
— Vasiyatnoxmada mening Gotlibga ko‘rsatgan xizmatim eslatilgan. Unga nima deysiz?
— Garchi men sal oshirib yuborgan bo‘lsam ham, lekin xizmatingiz bor. Bir gal sizga to‘lash uchun olingan va Karl Gotlib imzolagan bir nechta veksellarni bergan edim. Shunda siz, ehtimol tasodifan bo‘lsa kerak, dastxat ilgarigilariga o‘xshamasligini, sezib qolib, menga ko‘rsatgan edingiz. O‘shanda sizga sir boy bermadim-u, lekin puxta tekshiruv o‘tkazib, o‘nlab shunaqa veksellarni topdim. Bular soxta veksellar edi. Ular qayerdan kelib qoldi? Kim ularni yasagan? Uzoq va ehtiyotkorlik bilan olib borilgan tekshiruvlardan keyin qalbaki veksellar marhum Karlning ukasi Oskar Gotlib tomonidan yasalganini aniqladim. Rad qilib bo‘lmaydigan dalillarni to‘plab, o‘zimizning qariya Gotlibga taqdim etdim. Shunday qilib, garchi bu qalbaki ishni birinchi bo‘lib siz sezganingizni unga aytmagan bo‘lsam ham siz Karlga katta xizmat ko‘rsatdigiz, ukasining nojo‘ya xattiharakatini fosh qildingiz. Karl qattiq g‘azabLanib, Oskarni merosdan mahrum qilishini aytdi — bu fikrni unga men o‘tkazganim yo‘q. Shundan keyin Karl ukasini koyib, unga yomon xat jo‘natdi. Oskar javob xatida aybini bo‘yniga olib, yalinibyolvorib kechirim so‘radi, moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolganini ro‘kach qilib, o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. O‘sha xat Gotlibning po‘lat sandiqlaridan birida haliyam turgan bo‘lsa kerak…
— Xat topildi! — deb qichqirib yubordi Elza. — Hammasi to‘g‘ri… Endi gapingizga ishonib turibman.
— Kim topdi uni?