— Siz axir mendan nima istaysiz? Hozircha bu voqeadan men hech narsa tushunolganim yo‘q, — dedi Ebl sovuqqonlik bilan.
— Uni kim o‘ldirganini toping, — dedi g‘amginlik bilan Juns. — Bu yerda sizning josuslik tashkilotingiz bo‘lishi kerak. O, keling, bekinmachoq o‘ynamaylik. Men Galaktika qa’rida yetarli darajada izg‘ib, siyosiy kaltabinlikdan tashqariga chiqqanman. Men ularni kutubxona masalalari bilan chalg‘itib turgunimcha, siz kalavaning uchini topishga intiling. Siz qotillikni ochganingizdan so‘ng, men istardimki, Trantor Galaktikadagi hech bir hukumat YUKTB odamlarini o‘ldirib, suvdan quruq chiqa olishi mumkin emasligini ko‘rsatsin.
Uning Ebl bilan birinchi suhbati ana shunday tugadi.
Juns faqat bir narsada haq edi: sark hukumati ish kutubxona bilan bog‘liq bo‘lguncha juda xushmuolama bo‘ldi. Biroq, uning boshqa taxminlari noto‘g‘ri chiqadiganga o‘xshardi. Oylar o‘tmoqsa edi, Eblning josuslari Sarkda izi yo‘qolgan kuzatuvchining na o‘ligini, na tirigini topdilar.
Shu tarzda o‘n bir oydan ko‘proq vaqg o‘tdi. Juns bu narsalarning barchasi joniga tegayotganini payqadi. U o‘n ikkinchi oydan keyin kutishni bas qilishni mo‘ljallab qo‘ydi. Ammo shu orada qandaydir umid uchquni paydo bo‘ldi Bu axborot Ebldan emas, maxsus tayinlangan kishidan keadi. Sark Ommaviy kutubxonasidan xabar qilinishiga, kimdir koinot tadqiqotiga oid kitoblarni so‘rabdi. Shundan so‘ng Juns florina ishlari Departamenti xodimi huzuriga ketadi.
Klerk xayolini yig‘di-da, qabulida o‘tirgan kishiga qaradi.
— Xo‘sh, mendan nima istaysiz?
Juns quruqqina qilib so‘z boshladi:
— Kecha kunduz 4.22 da Sark Ommaviy kutubxonasining florinadagi bo‘limi koinot tadqiqoti bo‘yicha ikki namunaviy adabiyotni olishga uringan, sarklik bo‘lmagan odamni men uchun ushlab turishganini xabar qilgandi, Ammo o‘shandan buyon kutubxona hech qanday axborot bermadi. — U Klerkning nimadir deb gap qaytarmoqchi bo‘layotganini payqab, tovushini balandlatdi. — Men yashab turgan mehmonxonadagi jamoat apparatida kunduzgi 12.05 da qabul qilingan va darhol e’lon qilingan qisqa teleaxborotda aytilishicha, sark ommaviy kutubxonasining florinadagi bo‘limida florina nazoratchisi urib yiqitilgan va u behush holda yotibdi, hamda bu ishga aloqador deb hisoblanayotgan uch florinalik qidirilyapti. Keyingi teleaxborotda bu xabar qaytarilmadi. Men, bu ikki xabarning bir-biriga bog‘liq ekanligiga shubha qilmayman. Qidirayotgan odamimning nazorat qo‘lida ekanligiga ham shubha qilmayman. Florinaga uchishga ruxsat so‘radim, biroq javob ololmadim. Florina ishlari Departamentiga bu ishda yordam berishlarini so‘rab tashrif buyurdim. Yo menga ruxsat etilsin, yoki u kishi bu yerga jo‘natilsin.
Klerkning murdadek sovuq tovushi yangradi:
— Sark hukumati YUKTB xodimlaridan ultimatum qabul qilmaydi. Mening boshliqlarim, sizning ana shu ish bo‘yicha qiziqishingiz mumkinligini hisobga olib, o‘z ko‘rsatmalarini berishgan. Xabarda aytilishicha, maxsus saqlanishdagi kitoblarni istagan odam va uning ikki shsrigi — Rezident va florinalik ayol, haqiqatda ham siz eslatgan nojo‘ya ishni qilishgan. Nazorat ularni ta’qib etgan, ammo qo‘lga tushirilmagan.
Junsning vujudini achchiq alam qamrab oldi Bu holatini berkitib o‘tirmadi.
— Ular qochishibdimi?
— Juda ham bunday emas. Ular Matt Xorov degan kimsaning novvoyxonasigacha ta’qib etilganlar.
Juns hayratga tushdi.
— Ular o‘sha yerda qolishibdimi? Ularga tegishmabdimi?
— Siz keyingi paytda Lyudigan Ebl janobi oliylari bilan suhbatlashmadingizmi?
— Buning nima ahamiyati…
— Sizning tez-tez Trantor elchixonasida bo‘lib turishingiz bizga ma’lum.
— Men hurmatli elchini ko‘rmaganimga bir hafta bo‘ldi.
— U holda uchrashishni maslahat beraman. Trantor bilan bizning yulduzlararo munosabatlarmiz qaltisligi tufayli, jinoyatchilarning Xorov do‘konida qolishiga yo‘l quydik. Menga, agar lozim topilsa, shu narsani aytish topshirilganki, siz bunga hayron qolmasangiz kerak… Klerk rangpar yuzini masharaomuz burishtirdi, — Xorov, bizning xavfsizlik bo‘limimizga Trantor josusi sifatida juda yaxshi tanish.
ELCHI
Junsning Klerk bilan o‘tkazgan suhbatidan o‘n soat avval Terens Xorovning novvoyxonasini tark etdi. U turli pastqam ko‘chalardan ehtiyotkorlik bilan ketib borardi. Uning qo‘llari ishchilar yashovchi kulbalarning g‘adir-budir devorlariga tegib ketar, agar Yuqori Shahardan dam-badam tushib turgan xira yorug‘likni hisobga olmasa, atrof zim-ziyo edi.
Pastki Shahar guyo yaltiroq, gajaklarini jilvali Yuqori Shahar tagiga berkitgan ulkan chayonga o‘xshab ketardi. Biron-bir yerda balki tungi hayot davom etayotgan bo‘lishi ham mumkin, biroq bu yerdagi vayronalarda emas.
Uzoqsagi qadam tovushlarini eshitib, Terens chang bosgan bir ko‘chaga chekindi (Florinada kechalari yog‘ib turadigan yomg‘ir ham temirqotishma ostidagi soyalar makoniga o‘tishi qiyin edi). Cho‘ntakchiroq yog‘dulari paydo bo‘lib, shundoq yonginadan o‘tdilar-da, qorong‘ulik qa’riga singib ketdilar.