Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh oldidan chiqib qolsa, uni aylanib o’tar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi. Qumi juda yumshoq va mayda bo’lgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa yo’l izlashga to’g’ri kelardi. Ba’zan sho’rxok yerda oyoq bosish lozim bo’lar — demak, bu joyda bir zamonlar ko’l bo’lgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib o’kirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni o’z yelkalariga tashlab olar va yo’lning bu g’irrom qismidan o’tib olishgach, yuklarni tag’in tuya va otlarga ortishardi. Mabodo tuyakashlardan kimdir og’rib yoki o’lib-netib qolsa, birodarlari qur’a tashlab uning tuyalarini kim tortishini aniqlashardi.
Bularning hammasiga bitta sabab bor edi: karvon qancha yo’l bosmasin, yo’lini necha martalab o’zgartirmasin, baribir manzil sari intilar edi. To’siqlarni yengib o’tib, vohaning qaerdaligini ko’rsatib turgan yo’lchi yulduzga qarab yo’l olardi. Azon mahali osmonda yarqiragan yulduzga qarab, odamlar o’zlarini bu yulduz salqin joylarga, suvga, xurmozor va hordiq oladigan manzil sari eltayotganini bilishardi. Faqat yolg’iz angliyalik kitobdan bosh ko’tarmas, go’yo hech nimani payqamayotganday edi.
Santyago ham safarning dastlabki kunlarida kitob o’qishga urinib ko’rdi. Biroq keyin tevarak-atrofga qarab, shamolning nag’masiga quloq tutib ketish bu mashg’ulotdan ko’ra qiziqroq ekanini payqadi. U tuyasining fe’lini o’rgandi. Unga bog’lanib qoldi, keyin umuman kitobdan voz kechdi, ortiqcha yuk, deb hisobladi. Shunday esa-da, qachon kitob ochib ko’z yugurtirsa unda, albatta, biror-bir qiziqarli gap topilishiga ishonardi.
U yonida kelayotgan tuyakash bilan ora-sira gaplashib, oshno bo’lib oldi. Kechqurunlar, dam olish uchun qo’nishib, gulxan tevaragida o’tirishganda, Santyago o’zining qo’ychivonlik hayotidan turli voqealarni so’zlab berardi.
Bir safar tuyakash o’zi haqida gap boshladi:
— Men El-Qayrum yaqinidagi qishloqchada yashardim. Uyim, bog’im, bolalarim bor edi va umrimning oxirigacha bekami-ko’st yashasam bo’lardi. Bir yili, o’shanda hosil juda mo’l bo’ldi, yaxshi daromad qildik va butun oila a’zolarimiz bilan hatto Makkaga bordik— nasib etib musulmonlik farzini ado etdim va endi ko’ngilni xotirjam qilib, qazoyimni kutsam bo’lardi. Yaratganga shukronalar aytardim.
Biroq kunlarning birida yer qalqidi va Nil qirg’oqlaridan toshdi. Beziyonday tuyulgan bu ofat menga ham ziyon yetkazdi. Qo’shnilar zaytunzorlarini toshqin yuvib ketishidan tashvishga tushib qolishdi, xotinim bolalardan xavotirlandi. Boru budimizdan ayrilib qolayotganimizni ko’rib turib dahshatga tushdim.
Shundan so’ng yer hosil bermay qo’ydi— tirikchilikning boshqa yo’lini qidirishimga to’g’ri keldi. Shu bois men tuyakashlikni kasb qildim. O’shanda menga Ollohning: noayonlikdan cho’chimangiz, zotan, har kim o’z xohish-istagiga yarashasini olgay, nimagaki muhtoj esa unga yetishgay, degan kalomining ma’nosi ayon bo’ldi.
Hammamiz ham bor narsalarimizni— bu ekin-tikin bo’ladimi yoki hayotimizmi— yo’qotib qo’yishdan qo’rqamiz. Biroq bu qo’rquv vaqtinchalik, ammo bir narsani tushunib yetish lozimki, bizning qismatimizni ham, olam taqdirini ham bitta qo’l bitgan.
Ba’zan yo’lda ikkita karvon duch kelib qolardi. Shunda bir karvondagi yo’lovchilarda ikkinchisidagi odamlar muhtoj bo’lgan narsalar topilmay qolmasdi. Chindan ham bu olamdagi kechmishlar bari bir qo’l bilan bitilganday go’yo. Tuyakashlar bir-biriga qum bo’ronlari haqida gapirib berishar va gulxanni qo’rg’alab o’tirishib, o’zlari kuzatgan sahroning injiqliklaridan gurunglashardi.
Gohida gulxan atrofidagi gurungga chetdan g’alati-g’alati badaviylar ham kelib qo’shilardi, ular karvon borayotgan yo’lni ipidan ignasigacha bilishardi. Ular qaerda qaroqchilardan va johil qabilalardan ehtiyot bo’lish kerakligini uqtirishar, keyin esa qanday paydo bo’lishgan bo’lsa, xuddi shunday zim-ziyo tunga singib jimgina g’oyib bo’lishardi.
Shunday oqshomlardan birida Santyago bilan angliyalik o’tirgan gulxan oldiga tuyakash keldi.
— Qabilalar o’rtasida urush bo’layotganmish, xabar kelayapti, — darakladi u.
O’rtaga cho’kkan og’ir jimlikdan Santyago chindan xavotir paydo bo’lganini his etdi. U yana bir bor so’zsiz Umum Tilini tushuna olishiga ishonch hosil qildi.
Jimlikni, bu xatar karvon uchun qanchalik xavotirli ekanini aytib, angliyalik buzdi.
— Sahro ichkarisiga kirganingdan so’ng, tamom, orqaga yo’l yo’q, — javob qildi tuyakash. — Demak, faqat oldinga yurish kerak. Qolgani Ollohning qo’lida, Uning o’zi bizni balo-qazodan asraydi. Maktub, — deb gapiga sirli so’zni qo’shib qo’ydi-da, nari ketdi.
— Karvonning ahvoliga e’tiborsiz qarab, sen noto’g’ri qilayapsan, — dedi Santyago angliyalikka. — Zehn solib qara: qancha aylanma yo’llardan yurmasin, karvon baribir manzildan chalg’imay ketayapti.
— Sen esa kitob o’qimay bekor qilayapsan, dunyo nima,
dunyoda nimalar bo’layapti — bexabar qolayapsan, — javob qildi angliyalik. — Bu ma’noda kitoblar karvonlarga o’xshaydi.